Qamoqdagi qozogʻistonlik faol Marat Turimbetov gemodializdan bosh tortdi

azattyqasia.org saytidan olingan surat

Olmaotada hibsda saqlanayotgan qozogʻistonlik faol Marat Turimbetov hayoti uchun zarur boʻlgan gemodializ muolajasidan bosh tortdi. Bu haqda uning advokati Aynara Aydarxonova Facebook’dagi sahifasida maʼlum qildi.

Aydarxonova shuningdek Turimbetovning yozma murojaatini ham eʼlon qildi. Unda faol I guruh nogironi ekani va buyrakning terminal bosqichidagi surunkali xastaligidan aziyat chekayotganini koʻrsatgan. Uning soʻzlariga koʻra, u 5 sentabrdan buyon noqonuniy hibsda saqlanmoqda, uni saqlash sharoitlari esa meʼyorlarga ziddir.

«Ushbu noqonuniy hibsga olinishimga norozilik sifatida keyingi gemodializ muolajalarini oʻtkazishdan bosh tortaman», — deyiladi maktubda.

Shu bilan birga, TikTok tarmogʻida Marat Turimbetov qizining videomurojaati eʼlon qilindi, unda qiz jamoatchilikdan otasining ahvoli haqidagi maʼlumotni keng yoyishni soʻragan. Qiz gap nafaqat otasining hibsda noqonuniy saqlanishi, balki hayotiga tahdid solinayotgani haqida borayotganini taʼkidladi.

4 sentabr kuni Marat Turimbetovning uyida tintuv oʻtkazilgan, oʻsha kuniyoq uni boʻlimga olib ketishgan, keyinroq esa hibsga olishgan. Shu vaqtning oʻzida yana bir faol — Alnur Ilyashevning uyida ham tintuv oʻtkaziladi. Safdoshlarining maʼlumotiga koʻra, Ilyashev Jinoyat kodeksining 190-moddasi («Firibgarlik») boʻyicha soʻroq qilingan.

Keyinroq huquq himoyachisi Baxitjan Toʻregʻojina Ilyashev ish boʻyicha himoyalanish huquqiga ega guvoh maqomida ekanini, Turimbetov esa shifoxonaga yotqizilganini bildirdi.

9 sentabr kuni Bosh prokuratura «Vlast» nashrining soʻroviga javoban idoralararo tergov-tezkor guruhi Turimbetov va boshqa shaxslarga nisbatan «bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinib» jinoyat ishi tergov qilinayotganini tasdiqladi. Idora ish qaysi moddalar boʻyicha tergov qilinayotgani va gumonlar nimadan iborat ekaniga aniqlik kiritmagan.

17 sentabrda advokat Aynara Aydarxonova Olmaota shahar sudi Turimbetovga nisbatan ehtiyot chorasini oʻzgarishsiz qoldirganini bildiradi. Shu tariqa, u nogironligiga qaramay hibsda qoladi. Oktabr oyi oxirida, himoya tomoni suddan faolning salomatligini inobatga olishni bir necha bor soʻraganiga qaramay, uning hibs muddati uzaytiriladi.

Marat Turimbetov uzoq yillardan beri jamoatchilik faoliyati bilan shugʻullanib keladi. U, xususan, utilizatsiya yigʻimiga qarshi harakatda qatnashgan. Turimbetov Alnur Ilyashev va Sanavar Zokirova bilan birgalikda roʻyxatdan oʻtmagan «Bizning huquqimiz» («Nashe pravo») partiyasini tuzish tashabbuskori boʻlgan. Faollar siyosiy birlashmaning roʻyxatga olinishiga hukmron partiya — oʻsha paytdagi «Nur Otan» (2022 yilda u Amanat deb nomlandi, keyinroq esa Adilet partiyasi bilan birlashganini eʼlon qildi) toʻsqinlik qilganini taʼkidlagan edilar.