O‘zbekistonning Alkogolsiz ichimliklar va sharbatlar ishlab chiqaruvchilar assotsiatsiyasi (UzBev) 2027 yil 1 yanvardan boshlab oq shakar importiga yiliga 300 ming tonna miqdorida kvota joriy etilishiga qarshi chiqdi. Bu haqda assotsiatsiya ijrochi direktori Alfiya Musinaga tayanib, «Gazeta.uz» xabar berdi.
«Bunday chora o‘ta muhim xomashyodan foydalanish imkoniyatini cheklashi, mahalliy ishlab chiqaruvchilar xarajatlarini oshirishi va bir tarmoqni qo‘llab-quvvatlash xarajatlarini butun oziq-ovqat sanoati hamda iste’molchilar zimmasiga yuklashi mumkin», — deyiladi assotsiatsiya bayonotida.
O‘zbekistonning shakarga bo‘lgan yillik ehtiyoji 650–700 ming tonna deb baholanadi. Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil yanvar–sentyabr oylarida mamlakat 440,1 million dollarlik 652,8 ming tonna shakar va xom shakar import qilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 36 foizga ko‘p. Biroq importning umumiy hajmini kvota bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri taqqoslab bo‘lmaydi: statistikada qayta ishlash uchun olib kelingan xom shakar ham hisobga olinadi, cheklov esa oq shakarga taalluqli.
«Shakardan foydalanish imkoniyatining cheklanishi mahsulot tannarxi oshishiga, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning raqobatbardoshligi pasayishiga va inflyatsiya bosimi kuchayishiga olib kelishi mumkin», — deya ogohlantirdi UzBev rahbari.
E’tirozlar kvotalarni joriy etish mexanizmiga ham taalluqli. 2026 yil 29 iyuldagi 416-son qaror tarif kvotalarini qo‘llashning umumiy tartibini belgilaydi va belgilangan hajmdan ortiq mahsulotni boj to‘lash sharti bilan olib kirishga ruxsat beradi. Biroq, oq shakarga kvota belgilaydigan 417-son qarorda boj stavkalari ko‘rsatilmagan va limit tugaganidan keyin xomashyo importiga ruxsat berilishi yoki berilmasligi tushuntirilmagan.
«Amalda bunday mexanizm tarif kvotasi emas, balki importning o‘zini cheklaydigan miqdoriy kvota bo‘lib chiqishi mumkin», — deb hisoblaydi Musina.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu O‘zbekiston a’zo bo‘lishga tayyorlanayotgan Jahon savdo tashkiloti (JST) qoidalari nuqtayi nazaridan savollar tug‘diradi. Tariflar va savdo to‘g‘risidagi bosh kelishuvning (GATT 1994) XI:1-moddasi importga miqdoriy cheklovlar joriy etishni taqiqlaydi.
«Import kvotasini shunchaki “tarif kvotasi” deb qayta nomlash muammoni hal qilmaydi: JST choraning nomini emas, balki uning mazmuni va savdoga amaldagi ta’sirini baholaydi», — deyiladi bayonotda.
Yana bir tafovut kvotalarni elektron auksionlar orqali taqsimlash bilan bog‘liq. Bunday tartib 416-son qarorda nazarda tutilmagan. Assotsiatsiya savdolarda ishtirok etish mezonlarini va barcha uchun teng imkoniyatlar kafolatlarini e’lon qilishni talab qilmoqda.
Davlat tashkilotlarini mahalliy ishlab chiqarilgan shakar bilan ustuvor tartibda ta’minlash, shuningdek, shakar zavodlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalalari ham savollar tug‘diradi. Bunday yordam kreditlarni qayta tuzish, 50 million dollar investitsiya kiritish va foiz xarajatlarining bir qismini qoplashni o‘z ichiga oladi. Assotsiatsiya bunday yondashuv amalda kelib chiqishiga qarab import shakarini xaridlardan chiqarib tashlashga olib kelishi mumkinligidan xavotirda. UzBev ta’kidlashicha, korxonalarni subsidiyalashning o‘zi JST qoidalari bilan taqiqlanmagan, ammo muayyan kompaniyalar yoki tarmoqlarni manzilli qo‘llab-quvvatlash huquqiy jihatdan baholanishi kerak.
Yana bir e’tiroz 417-son qarorga «xizmat doirasida foydalanish uchun» (XDFU) belgisi qo‘yilgani bilan bog‘liq. Hujjat Lex.uz bazasida e’lon qilinmagan, bu esa kompaniyalarga yangi talablar oqibatlarini baholash imkonini bermaydi. Assotsiatsiya ushbu hujjatdan foydalanishni cheklashning huquqiy asoslari yuzasidan Adliya vazirligidan tushuntirish olishni rejalashtirmoqda.
«Prezident da’vat etayotgan tamoyil har bir davlat qarorining asosi bo‘lishi kerak. Ayniqsa, qaror biznes, investitsiyalar, ish o‘rinlari va fuqarolar farovonligiga ta’sir ko‘rsatsa», — deya ta’kidlaydi Musina va Shavkat Mirziyoyevning ochiqlikka chaqiriqlarini eslatadi.
UzBev qarorni e’lon qilish, ochiq muhokama o‘tkazish va huquqiy ekspertizadan o‘tkazishga chaqirmoqda.
«Yangi rivojlanayotgan bir tarmoqni (infant industry) himoya qilish boshqa minglab korxonalarni zaiflashtirmasligi kerak. Barqaror o‘sish bozorni yopish orqali emas, balki oldindan ma’lum qoidalar, halol raqobat va xomashyodan teng foydalanish imkoniyati orqali ta’minlanadi», — deya xulosa qildi Alfiya Musina.
«Xizmat doirasida foydalanish uchun» belgisi qo‘yilgan qarorning e’lon qilinishi ayrim iqtisodchilarning ham tanqidiga sabab bo‘ldi.
Yuliy Yusupov o‘zining tahlilida shakar sanoatini 1996 yildan beri O‘zbekistonda import o‘rnini bosish siyosati qanday ishlayotganini ko‘rsatuvchi misol deb atadi. Uning baholashicha, bu tizim «qo‘llab-quvvatlanadigan» kompaniyalarga imtiyoz va subsidiyalar berish, import raqobatchilari uchun to‘siqlar yaratish hamda davlat xaridlarida ustuvorlik berishni o‘z ichiga oladi. Imtiyozlar tugagach, mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatbardosh emasligi ma’lum bo‘ladi va qo‘llab-quvvatlash choralari uzaytiriladi. Yusupov bunday siyosatni iqtisodiy samarasizlik va korrupsiya bilan bog‘laydi, hujjatning yopiqligini esa uning mualliflari ko‘zda tutilgan choralar mazmunini oshkor qilishni istamasligi bilan izohlaydi.
Iqtisodchi Otabek Bakirov e’tibor qaratganidek, yopiq qarorda kvotalar joriy etilishini asoslovchi birorta ham dalil keltirilmagan.
«Shakar importiga kvota joriy etish — shakar importi korrupsiya sxemalari orqali muayyan doiralar tomonidan nazorat qilingan eskirgan boshqaruv usullariga qaytishdir», — deb ta’kidlaydi iqtisodchi.
Bakirov mansabdorlar nazoratidagi «o‘z odamlari» bo‘lgan shakar savdogarlari paydo bo‘lishini va ushbu mahsulot «korrupsiya tovar»iga aylanishini bashorat qiladi. Uning ta’kidlashicha, «O‘zbekistonda ortida kimdir yoki qandaydir guruh turmagan birorta ham yopiq qaror yo‘q (har holda, qarorda ularning “quloqlari” ko‘rinib turadi)». Iqtisodchining fikricha, shakar importiga kvota joriy etish haqidagi yopiq qaror ham bundan mustasno emas.
▪️ 2026 yil 30 iyuldagi 417-son qarorga muvofiq, O‘zbekiston 2027 yil 1 yanvardan boshlab oq shakar importiga yiliga 300 ming tonna kvota joriy etadi. Hajm uch toifadagi korxonalar o‘rtasida taqsimlanadi: ichimliklar ishlab chiqaruvchilarga — 100 ming tonna, qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga — 100 ming tonna va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga — 100 ming tonna. Kvotalarni elektron auksionlar orqali taqsimlash rejalashtirilgan, platformani 2026 yil 1 dekabrga qadar ishga tushirish topshirilgan. Hukumat kvota hajmlarini har olti oyda qayta ko‘rib chiqishi mumkin.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda shakar ishlab chiqarish hajmi kamayib bormoqda. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning birinchi yarmida 165,5 ming tonna shakar ishlab chiqarilgan. Bu 2024 yilning shu davridagi 227,8 ming tonna va 2023 yildagi 332,6 ming tonnadan kam. Ayni paytda, mamlakatda faoliyat yuritayotgan ikkita shakar zavodining umumiy loyihaviy quvvati yiliga 900 ming tonnadan oshadi, ular foydalanadigan xomashyoning katta qismi esa import qilinadi.
2025 yil 1 oktyabrdan boshlab mamlakatda oq shakar importiga belgilangan 20 foizlik aksiz solig‘i bekor qilindi, ammo 20 foiz miqdoridagi bojxona boji saqlanib qoldi. 2025 yilda faqat Rossiyaning o‘zi respublikaga 417 ming tonna shakar yetkazib bergan. Mahsulot, jumladan, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan ham keltirilgan.



