Jahon banki O‘zbekiston energetika tizimi samaradorligini oshirish loyihasi uchun 100 million dollarlik kredit ajratishni ma’qulladi

spot.uz syti fotosurati

Jahon banki Ijrochi direktorlari kengashi O‘zbekiston hukumatiga mamlakatda elektr energiyasini taqsimlash tizimlarining samaradorligi va ishonchliligini oshirish uchun 100 mln dollarlik kredit ajratishni ma’qulladi. Tegishli qaror 27 oktyabr kuni qabul qilingani haqida xalqaro moliya tashkilotining matbuot xizmati xabar berdi.

Elektr energiyasini taqsimlash tizimlarini modernizatsiya qilish dasturi tarmoqning qayta tiklanuvchi manbalardan olinadigan elektr energiyasini qabul qilish, shuningdek, aholi va korxonalarni elektr energiyasi bilan ta’minlash imkoniyatlarini kengaytiradi. Loyiha amalga oshirilganidan keyin besh yil davomida sohada qariyb 11,7 mingta ish o‘rni yaratiladi.

Mutaxassislar prognozlariga ko‘ra, 2031 yilga kelib podstansiyalarni yangilash va kamida 3,3 GVt qo‘shimcha qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini tarmoqqa integratsiya qilish natijasida elektr energiyasining yillik yo‘qotishlari 20 ming megavatt-soatga kamayadi. Shu bilan birga, issiqxona gazlari chiqindilari ham yiliga qariyb 23 ming tonna karbonat angidrid ekvivalentiga qisqaradi.

Dastur Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki (OTB) tomonidan global to‘liq o‘zaro ishonch mexanizmi doirasida moliyalashtiriladi. OTB sentyabr oyi oxirida O‘zbekistonga 200 mln dollar miqdorida kredit ajratishni ma’qullagan edi. Jahon banki krediti va respublika hukumatining davlat budjetidan qo‘shadigan 71 mln dollarlik hissasini hisobga olganda, dasturning umumiy moliyalashtirish hajmi 371 mln dollarga yetadi.

Jahon banki eslatishicha, O‘zbekiston 2030 yilgacha qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvatini 25 GVtga yetkazishni maqsad qilgan. Bu natijaga erishish uchun yanada quvvatli va texnologik jihatdan takomillashgan elektr tarmoqlari infratuzilmasi talab etiladi. Elektr taqsimlash tarmoqlarining katta qismi bir necha o‘n yil avval qurilgani sababli, ko‘plab podstansiyalar haddan tashqari yuklama ostida ishlamoqda.

Dastur «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi. Loyiha doirasida resurslar yo‘qotilishini kamaytirish va elektr ta’minoti ishonchliligini oshirish maqsadida respublika bo‘ylab 60 ta muhim podstansiyani modernizatsiya qilish va raqamlashtirishga investitsiyalar yo‘naltiriladi.

«Osiyo taraqqiyot banki bilan sa’y-harakatlarimizni birlashtirish orqali biz nafaqat O‘zbekistonga elektr energetika tizimining muhim infratuzilmasini modernizatsiya qilishda yordam beryapmiz, balki resurslardan yanada samarali foydalanish va mamlakat uchun salmoqliroq natijalarga erishishni ham ta’minlayapmiz», — dedi Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Naji Benhasin.