Qirg‘izistonda barcha viloyat va tumanlar tugatilib, ularning o‘rniga aymoqlar tashkil etiladi

Qirg‘iziston xaritasi

Qirg‘izistonda barcha viloyat va tumanlar tugatilib, ularning o‘rniga aymoqlar — okruglar tashkil etiladi. Bu haqda Davlat xizmati va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish ishlari bo‘yicha davlat agentligi direktori Elchibek Jantayev ma’lum qildi, deb xabar beradi Kaktus.media.

Hozirda Qirg‘iziston yetti viloyatga bo‘lingan bo‘lib, ular tarkibida 40 ta tuman va 34 ta shahar mavjud.

«Aymoqlar tashkil etiladi — ular tumandan kattaroq, ammo viloyatdan kichikroq bo‘ladi. Qirg‘izistonda 40 ta tuman o‘rniga 20 dan ortiq aymoq bo‘ladi. Har bir viloyatning o‘z salohiyati bor. Masalan, Issiqko‘l viloyatini janubiy va shimoliy qismlarga ajratish mumkin. Jalolobod va O‘sh viloyatlarida esa kichik tumanlar hamda rivojlanish salohiyatiga ega tumanlar bor. Shu tamoyil asosida ular birlashtiriladi va keyin aymoqlarga bo‘linadi», — dedi Jantayev.

Aymoqlarga bo‘linish Qirg‘izistonda ma’muriy-hududiy islohotning ikkinchi bosqichiga o‘tilishini anglatadi. Birinchi bosqich 2023 yilda boshlangan edi. Uning doirasida ayrim tumanlarning chegaralari o‘zgartirildi, bir qator aholi punktlari esa shaharlar tarkibiga kiritildi.

2026 yil aprel oyida mamlakat prezidenti Sadir Japarov islohotni e’lon qilar ekan, dastlab tajriba tariqasida sinov aymog‘ini tashkil etish, yangi tizimni butun mamlakat bo‘ylab joriy etishdan oldin uni amalda sinab ko‘rish va takomillashtirish rejalari haqida ma’lum qilgan edi.

«Bir, ikki yoki uch yil davomida uning qanday ishlashini kuzatamiz: u mustaqil boshqarila oladimi, respublika budjetidan olinadigan dotatsiyalardan chiqib keta oladimi yoki yo‘qmi. Agar barchasi muvaffaqiyatli o‘tsa, viloyat va tumanlarni tugatib, okruglar tizimiga o‘tamiz», — degandi prezident.