«Nasaf» CHL-2ning joriy mavsumida ilk bor mag‘lubiyatga uchradi

«Nasaf» FK. «Nasaf» FK fotosurati

O‘zbekistonning «Nasaf» futbol klubi OFK Chempionlar ligasi-2 musobaqasining joriy mavsumida ilk bor mag‘lubiyatga uchradi. Guruh bosqichining ikkinchi turida Qarshi jamoasi o‘z maydonida BAAning «Al-Vahda» klubiga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi.

Mehmonlar 23-daqiqada argentinalik yarim himoyachi Fakundo Kruspskining goli evaziga hisobni ochdi. 38-daqiqada «Nasaf» hisobni tenglashtirish uchun penalti tepish imkoniyatiga ega bo‘ldi. 11 metrlik nuqta oldiga kutilmaganda mezbonlar darvozaboni Abduvohid Nematov keldi, biroq u zarbani golga aylantira olmadi.

Ordan bir daqiqa o‘tib, «Al-Vahda» raqibini qo‘ldan boy berilgan imkoniyat uchun jazoladi: Kruspski ikkinchi golini urib, dubl qayd etdi.

Tanaffusdan so‘ng «Nasaf» tezda oradagi farqni qisqartirdi. 47-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan Bobur Abduxoliqov gol urdi. Biroq qarshiliklar hisobni tenglashtira olmadi.

Bu «Nasaf» uchun OFK Chempionlar ligasi-2 musobaqasining joriy mavsumidagi ilk mag‘lubiyat bo‘ldi. O‘zbekiston vakili birinchi turda Bahraynning «Al-Xolidiya» klubi bilan 0:0 hisobida durang o‘ynagan edi.

«A» guruhining boshqa uchrashuvida Quvaytning «Al-Quvayt» klubi o‘z maydonida «Al-Xolidiya»ni 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Ikki turdan keyin olti ochko jamg‘argan «Al-Vahda» guruh peshqadami bo‘lib turibdi. «Al-Quvayt» hisobida uch ochko bor, «Nasaf» va «Al-Xolidiya» esa bir ochkodan to‘plagan.

Uchinchi turda «Nasaf» 28 oktyabr kuni «Al-Quvayt»ni o‘z maydonida qabul qiladi.