O‘zbekistonning futbol klubiga tez tibbiy yordam mashinasi bo‘lmagani sababli texnik mag‘lubiyat yozildi

“Kattaqo‘rg‘on” futbolchilari. “Kattaqo‘rg‘on” FK fotosurati

«Kattaqo‘rg‘on» futbol klubiga O‘zbekiston Pro-ligasining 21-turi doirasida Bekobodning «Metallurg» jamoasiga qarshi o‘z maydonida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan uchrashuvda 0:3 hisobida texnik mag‘lubiyat yozildi. 8 oktyabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan o‘yin majburiy xizmatlar belgilangan vaqtda yetib kelmagani sababli o‘tkazilmadi. Bu haqda O‘zbekiston Professional futbol ligasi (PFL) ma’lum qildi.

«Afrosiyob Arena» stadionidagi uchrashuv soat 16:00 da boshlanishi kerak edi. Har ikki jamoa va rasmiy shaxslar stadionga o‘z vaqtida yetib kelgan, biroq o‘yin boshlanishiga qadar tez tibbiy yordam mashinalari va xavfsizlik uchun mas’ul idoralar vakillari yetib kelmagan.

Pro-liga reglamentiga ko‘ra, bunday vaziyatda uchrashuv komissari 30 daqiqa kutishi kerak. Shundan so‘ng mezbon jamoaga texnik mag‘lubiyat yozish huquqiga ega bo‘ladi.

Uchrashuvni kechiktirib o‘tkazish imkoni ham bo‘lmagan. PFL tushuntirishicha, «Afrosiyob Arena» stadionining yoritish tizimi professional futbol talablariga javob bermaydi. Shu sababli o‘yinni zarur yoritish darajasida yakunlashning imkoni bo‘lmagan. Natijada «Kattaqo‘rg‘on»ga 0:3 hisobida texnik mag‘lubiyat, «Metallurg»ga esa xuddi shu hisobda g‘alaba yozilgan.

Tez tibbiy yordam mashinasi yo‘qligi haqidagi ma’lumot o‘yin boshlanishiga atigi bir soat qolganda aniqlangan bo‘lsa, vaziyatni uchrashuv arafasida yuzaga kelgan tashkiliy muammo sifatida baholash mumkin. Biroq, Pro-liga reglamenti majburiy xizmatlar bilan ta’minlash mas’uliyatini mezbon klub va stadion zimmasiga yuklaydi. Tez tibbiy yordam mashinasi o‘yin boshlanishidan kamida bir soat oldin stadionda bo‘lishi shart. Demak, tashkilotchilar aynan shu vaqtga kelib talab bajarilgan yoki bajarilmaganini aniq bilishlari kerak edi.

Mezbon klub nima sababdan o‘z vaqtida chora ko‘rmagani ochiqlanmagan.

«Farg‘ona» nashri manbalariga ko‘ra, o‘yin bekor qilinganidan keyin «Kattaqo‘rg‘on» rahbariyati «Metallurg» vakillari bilan uchrashuvni ertasi kuni o‘tkazish bo‘yicha kelishishga uringan. Biroq, tomonlar murosaga kela olmagan. Bundan tashqari, uchrashuv sanasini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qarorni faqat Liga tasdiqlashi mumkin.

«Farg‘ona» bilan suhbatlashgan «Kattaqo‘rg‘on» futbolchilaridan biri jamoa o‘yinchilari va bosh murabbiy Ilyos Zeytullayev yuz bergan voqeadan qattiq tushkunlikka tushganini aytdi. Suhbatdoshning ta’kidlashicha, jamoa mavsumning eng muhim uchrashuvlaridan biriga uzoq vaqt tayyorgarlik ko‘rgan.

«Metallurg» ustidan qozoniladigan g‘alaba «Kattaqo‘rg‘on»ga Pro-liganing kuchli beshligiga qaytish uchun kurashni davom ettirish imkonini bergan bo‘lardi. Mavsum yakunlariga ko‘ra, ikkinchi o‘rindan beshinchi o‘ringacha bo‘lgan jamoalar pley-offda ishtirok etadi. Ushbu mini-turnir g‘olibi Superligaga chiqish uchun o‘tish uchrashuvida qatnashish huquqini qo‘lga kiritadi.

Bekor qilingan uchrashuvdan so‘ng Zeytullayev stadionga kelgan muxlislar oldiga chiqib, yuz bergan holat uchun uzr so‘radi.

«Bosh murabbiy sifatida bugungi tashkiliy muammo uchun mas’uliyatni o‘z zimmamga olaman va barchadan uzr so‘rayman. Bunday holat boshqa takrorlanmasligiga va’da beramiz. Bugungi kun biz uchun katta saboq bo‘ldi», — dedi mutaxassis.

Pro-liga chempionati 26 turdan iborat. Demak, 21-turdan keyin muntazam chempionat yakunlanishiga yana beshta uchrashuv qolgan. Joriy mavsumda Pro-ligada 14 ta jamoa ishtirok etmoqda. Musobaqa g‘olibi to‘g‘ridan to‘g‘ri Superligaga yo‘llanma oladi. Ikkinchi o‘rindan beshinchi o‘ringacha joylashgan klublar esa yuqori divizionga ko‘tarilish uchun qo‘shimcha imkoniyatni qo‘lga kiritish maqsadida o‘zaro kurash olib boradi.