O‘zbekiston klublari OFK Elit Chempionlar ligasining ikkinchi tur uchrashuvlarini o‘tkazishdi

«Paxtakor» muxlislari. «Paxtakor» FK fotosurati

Toshkentning «Paxtakor» va Farg‘onaning «Neftchi» klublari OFK Elit Chempionlar ligasining umumiy bosqichidagi ikkinchi uchrashuvlarini o‘tkazishdi. «Paxtakor» Toshkentda Saudiya Arabistonining «Al-Qodisiya» klubi bilan durang o‘ynadi — 1:1, «Neftchi» esa Ar-Riyodda Krishtianu Ronaldu to‘p suradigan «Al-Nasr»ga 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi.

«Paxtakor» 35-daqiqada Niderlandiya terma jamoasi yarim himoyachisi Tijani Reyndersning golidan keyin hisobda ortda qoldi. Toshkentliklar uchrashuvning so‘nggi daqiqalarida hisobni tenglashtirishdi. Videotakrorni ko‘rib chiqqan hakam Yasser Al-Shahroniyning qo‘l bilan o‘ynagani uchun penalti belgiladi. 89-daqiqada Dostonbek Hamdamov penaltini aniq amalga oshirib, hisobni tenglashtirdi.

«Paxtakor» Saudiya Arabistoni klubi bilan ketma-ket ikkinchi marta durang o‘ynadi. Birinchi turda toshkentliklar safarda musobaqaning amaldagi g‘olibi «Al-Ahli» bilan 1:1 hisobida durang qayd etishgan edi. Shu tariqa, jamoa ikki uchrashuvda ikki ochko jamg‘ardi va umumiy bosqichda hozircha mag‘lubiyatga uchramadi.

«Neftchi» ikkinchi uchrashuvini Ar-Riyodda «Al-Nasr»ga qarshi o‘tkazdi. Saudiya Arabistoni poytaxtida xavfsizlik bilan bog‘liq tahdid tufayli uchrashuv rejalashtirilgan vaqtdan taxminan bir soat kech boshlandi. Mezbonlar 33-daqiqada Anjelo Gabrielning goli evaziga hisobni ochishdi, 42-daqiqada esa Krishtianu Ronaldu jamoasining ustunligini ikki karra oshirdi. Ikkinchi bo‘lim boshida zaxiradan maydonga tushgan Alisher Odilov farg‘onaliklarning ortda qolishini qisqartirdi.

65-daqiqada Ikromjon Aliboyevning maydondan chetlatilishi sababli «Neftchi» bir kishiga kam bo‘lib qoldi. Uchrashuvdagi yakuniy hisob 78-daqiqada qayd etildi. O‘zbekiston klubi sardori Anvarjon G‘ofurov to‘pni o‘z darvozasiga kiritib qo‘ydi — 3:1.

Birinchi turda «Neftchi» o‘z maydonida Iroqning «Al-Quva Al-Javiya» klubini 1:0 hisobida mag‘lub etgan edi. Ikki uchrashuvdan keyin farg‘onaliklar hisobida uch ochko bor.

Ikkinchi turning oltita uchrashuvidan keyin g‘arbiy mintaqa jadvalida Birlashgan Arab Amirliklarining «Al-Ayn» va Eronning «Istiqlol» klublari olti ochkodan jamg‘argan holda peshqadamlik qilmoqda. Keyingi o‘rinlarda to‘rt ochkodan to‘plagan Saudiya Arabistonining «Al-Ahli» va «Al-Qodisiya» jamoalari bormoqda. Uch ochkoga ega «Neftchi» yettinchi, xuddi shuncha ochko to‘plagan «Al-Nasr» esa sakkizinchi o‘rinda joylashgan. Ikki ochko jamg‘argan «Paxtakor» pley-off zonasidan tashqarida, to‘qqizinchi o‘rinni egallab turibdi.

Joriy mavsumda OFK Elit Chempionlar ligasi formati 32 ta jamoagacha kengaytirildi. G‘arbiy va sharqiy mintaqalarning har birida 16 tadan klub ishtirok etmoqda. Har bir jamoa sakkizta turli raqibga qarshi sakkizta uchrashuv o‘tkazadi. Har bir mintaqadan eng yaxshi natija ko‘rsatgan sakkizta jamoa 1/8 finalga yo‘l oladi.

Uchinchi turda «Paxtakor» 26 oktyabr kuni safarda «Al-Quva Al-Javiya» bilan o‘ynaydi. «Neftchi» esa shu kuni o‘z maydonida Saudiya Arabistonining «Al-Ittihod» klubini qabul qiladi.