«Dok-1 Maks» siropidan zaharlanish orqali jabrlanganlarga jami 16,7 milliard so‘m (taxminan 1,4 million dollar) to‘lab berilgan. Shu bilan birga, sud qarorlari bilan undirilishi belgilangan mablag‘ning umumiy miqdori 78 milliard so‘mni (6,5 million dollar) tashkil etadi. Bu haqda Daryo O‘zbekiston Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosiga (MIB) tayanib xabar berdi.
Shu tariqa, MIB «Dok-1 Maks»dan jabrlanganlarga kompensatsiyalar to‘lanmayotgani haqidagi xabarlarga izoh bergan. 2025 yil oktyabr oyida bir guruh ota-onalar O‘zbekiston prezidentiga murojaat qilib, to‘lovlar bo‘yicha sud qarorlarining to‘liq ijro etilishini ta’minlashni so‘ragan edi.
Byuro aniqlik kiritishicha, ijro ishlari 85 nafar fuqaro foydasiga Sardor Kariyev va boshqa shaxslardan yetkazilgan zararni undirish bilan bog‘liq. Undiruv ishlari doirasida Kariyevga tegishli Toshkentdagi ko‘chmas mulk obyektlari xatlangan va onlayn-auksionga qo‘yilgan. Jumladan, Beshyog‘och mahallasidagi Furqat ko‘chasida joylashgan noturar bino 793 million so‘mga (66 ming dollar) sotilgan. Qatortol ko‘chasidagi qiymati 7,1 milliard so‘mga (591 ming dollar) baholangan turar joylar esa hozircha sotilmagan, ular bo‘yicha savdolar davom etmoqda.
Jabrlanganlarga to‘lovlar auksiondagi savdolardan tushgan mablag‘lar, shuningdek, Kariyev oila a’zolari tomonidan kiritilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshirilgan. Ushbu mablag‘lar undiruvchilar o‘rtasida teng taqsimlangan.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yil oxirida Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi ishlab chiqargan «Dok-1 Maks» siropi tufayli bolalarning ommaviy zaharlanishi yuz bergandi. Dori tarkibidan zaharli etilenglikol moddasi aniqlangan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 69 nafar bola vafot etgan, yana 16 nafar bola nogiron bo‘lib qolgan. 2024 yil fevral oyida Toshkent shahar sudi ish bo‘yicha 23 nafar ayblanuvchiga nisbatan hukm chiqargandi. Distribyutor kompaniya Quramax Medical rahbari, Hindiston fuqarosi Ragvendra Pratar 20 yilga, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining sobiq direktori Sardor Kariyev 18 yilga, uning o‘rinbosarlari esa 16 yildan ozodlikdan mahrum qilingan.
Sud, shuningdek, ayrim mahkumlardan jabrlanganlar foydasiga kompensatsiya undirish haqida qaror chiqargan. Gap 68 ta o‘lim holatining har biri va og‘ir asoratlar bilan kechgan to‘rt holat uchun 1 milliard so‘mdan (83 ming dollar), ahvoli qoniqarli bo‘lgan to‘rt nafar bolaning oilalari uchun 500 million so‘mdan (41,6 ming dollar) hamda sog‘ayib ketgan sakkiz nafar bola uchun 200 million so‘mdan (16,6 ming dollar) undirish haqida borgan.
2024 yil may oyida Farmatsevtika agentligining sobiq direktori Sardor Kariyevning onasi Munira Kariyeva o‘g‘lini ozod qilish evaziga halok bo‘lgan va jabrlangan bolalarning yaqinlariga 75,6 milliard so‘m (taxminan 6 million dollar) ajratishga tayyorligini bildirgan — mablag‘ uch yil davomida to‘lanishi kerak bo‘lgan. U sudning depozit hisobvarag‘iga 2,5 milliard so‘m (200 ming dollar) kiritgan. Biroq, iyul oyida apellyatsiya sudi birinchi instansiya hukmini o‘zgarishsiz qoldirgan va Kariyeva tomonidan kiritilgan mablag‘larni halok bo‘lgan va jabrlangan bolalarning qonuniy vakillari o‘rtasida teng taqsimlashga qaror qilgan.



