Rossiya koloniyasida huquq himoyachisi Hamroyevga qarshi Qur’on kitobiga shikast yetkazish orqali fitna uyushtirildi

Bahrom Hamroyev rferl.org saytidan olingan surat

Rossiyaning «Polyarnaya sova» koloniyasida uzoq muddatli qamoq jazosini oʻtayotgan asli oʻzbekistonlik huquq himoyachisi Bahrom Hamroyevga qarshi Qurʼonni tahqirlash bilan bogʻliq fitna uyushtirishga urinishdi. Bu haqda xuddi shu jazoni ijro etish muassasasida saqlanayotgan Azat Miftaxov soʻzlab berdi, deb xabar qiladi «Azattiq Aziya».

Mahbusning soʻzlariga koʻra, 22-noyabr kuni Hamroyev sayrdan qaytgach, Qurʼondan kimdir bir sahifani yirtib olib, muqaddas kitob yoniga qoʻyib ketganini koʻrgan. Mahkum bir kishilik kamerada saqlangani sababli bu yerga boshqa mahbuslar qoʻyilmaydi. Koloniya xodimlari videokuzatuv kameralari yozuvlarini tekshirganliklari va xonada begonalarni koʻrishmaganini maʼlum qilishgan. Ammo keyinchalik Hamroyevga ehtimoliy provokatsiya haqida aytib berishgan: nazoratchilar Qurʼonga yetkazilgan zararga «terrorchi» qanday munosabat bildirishini shunchaki koʻrmoqchi boʻlishgan.

Ushbu hodisadan soʻng huquq faolining kamerasida sinchkovlik bilan tintuv oʻtkazilgan. Bundan tashqari, Miftaxovning aniqlik kiritishicha, shu vaqt davomida Hamroyev yuvinish xonasiga qamab qoʻyilgan. Umuman olganda, «Polyarnaya sova»da ichki qoidalarga zid ravishda tintuvlar mahbusning ishtirokisiz tashkil etiladi, deya qoʻshimcha qildi u.


Shuningdek, u diabet tufayli Hamroyevga yengilliklar berilgani — uning yonida doimo oziq-ovqat va yozuv qurollari boʻlishi kerakligini bildirdi. Ammo tintuv chogʻida ularning ikkalasi ham olib qoʻyilgan. Bundan tashqari, muassasa xodimlari dori-darmonlarni ham tortib olishgan, holbuki huquq himoyachisining salomatligi kun sayin yomonlashmoqda. Doimiy nazorat qilinishi lozim boʻlgan yuqori qon bosimiga qaramay, mahkumga zarur apparatlar — glyukometr va tonometrni berishdan bosh tortishgan.

Miftaxov RF Yamal-Nenets avtonom okrugi (YANAO) apellyatsiya sudida oʻzining shikoyati koʻrib chiqilishidan oldin ushbu dalillarni keltirib oʻtgan. Mahbus sud majlisida videoaloqa orqali ishtirok etgan. Biroq u Hamroyevning kamerasidagi tintuvlar haqida gapirishi bilanoq onlayn-translyatsiya toʻxtatib qoʻyilgan.

Joriy yilning may oyida «Polyarnaya sova»da jazo oʻtayotgan huquq himoyachisining sogʻligʻi jarima izolyatorida uzoq vaqt saqlanishi va nazoratchilarning shafqatsiz muomalasi fonida keskin yomonlashgani maʼlum boʻlgan edi. Masalan, Hamroyev soatlab oziq-ovqat, suv va dori-darmonlarsiz tik turadigan tor katakda saqlangan, bir necha oylab qayta-qayta SHIZOga tashlangan, hayotiy zarur preparatlardan, diabet va gipertoniyani nazorat qilish moslamalaridan mahrum etilgan hamda boshqa shu kabi qiynoqlarga solingan.

ℹ️ Bahrom Hamroyev 1963-yil 12-oktyabrda Oʻzbekistonning Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanida tugʻilgan. 1980-yillar oxiri va 1990-yillar boshida Oʻzbekiston «Birlik» xalq harakati faoli boʻlgan. Siyosiy taʼqiblar tufayli faol 1992-yilda vatanini tark etishga majbur boʻlgan.

Oʻzbekistonlik Rossiyaga koʻchib oʻtib, u yerda muhojirlar huquqlarini himoya qilishga ixtisoslashgan. Oʻz faoliyati sababli u Rossiya hukumati tomonidan bosimlarga duchor boʻlgan. 2023-yilning may oyida Hamroyev terrorizmni oqlash va terrorchilik faoliyatini tashkil etish ayblovi bilan 13 yil-u 9 oylik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.