Rossiya Bosh prokuraturasi qozog‘istonlik tadbirkor Timur Turlov va u asos solgan Freedom Holding moliyaviy guruhi bilan bog‘liq bir nechta tuzilmalarga qarshi da’vo arizasini berdi. Bosh prokuror o‘rinbosarining arizasi Moskva Tver tuman sudiga kelib tushgan, deb yozadi RBK. Prokuratura talablarining mazmuni va da’voning asoslari hozircha ochiq ma’lum qilinmagan.
Turlovdan tashqari, javobgarlar qatorida AQSHda ro‘yxatdan o‘tgan Freedom Holding Corp., Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan Freedom Finance Europe Ltd., W-Empirical Holding Corp. va Arkadiy Shukin ko‘rsatilgan.
Timur Turlov — aksiyalari AQSHning Nasdaq birjasida savdoga qo‘yilgan moliyaviy guruh — Freedom Holding Corp. asoschisi va bosh direktori. 2010 yilda u Moskvadagi «Beliy gorod» kompaniyasini sotib olgan. Keyinchalik kompaniya «Fridom Finans» investitsiya kompaniyasiga qayta nomlangan. Shundan so‘ng biznes Qozog‘iston, Yevropa va AQSHga kengaydi, aktivlar esa Freedom Holding Corp. atrofida birlashtirildi.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan so‘ng Freedom Holding Rossiya biznesidan chiqishini e’lon qildi. 2022 yilda guruh Rossiyadagi tuzilmalarini «Fridom Finans» Rossiya kompaniyasining sobiq bosh direktori o‘rinbosari Maksim Povalishinga sotish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bitim Rossiya Markaziy banki tomonidan 2023 yil fevral oyida ma’qullangan. Shundan so‘ng Rossiyadagi tuzilmalar «Sifra broker» va «Sifra bank» deb qayta nomlandi. Freedom Holding Rossiya biznesidan to‘liq chiqqanini ma’lum qilgan.
Javobgarlardan biri W-Empirical Holding Corp. bo‘ladi. Bu kompaniya avval ham Rossiya sud ishlarida, jumladan, fond bozoridagi operatsiyalar va Freedomning sobiq Rossiya biznesi tuzilmalari bilan bog‘liq nizolarda tilga olingan.
Xususan, 2025 yilda Rossiya sudi W-Empirical kompaniyasining Sergey Kuleshovga qarshi fuqarolik da’vosini qanoatlantirib, undan qariyb 162 million rubl undirish haqida qaror chiqargan. Ish likvidligi past bo‘lgan Amerika aksiyalari bilan operatsiyalar va kompaniyaning savdo algoritmidan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan. Biroq, hozirda mavjud ochiq manbalardan aynan shu ish Bosh prokuraturaning hozirgi da’vosiga asos bo‘lgani haqida xulosa qilish mumkin emas.
Da’voning berilgan sanasi yana bir jihatdan e’tiborni tortadi: bundan atigi bir necha kun oldin Turlov Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) prezidenti etib saylangan edi.
Saylov 26 sentyabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tdi. Ikkinchi turda Turlov 110 ta ovoz oldi, uning raqibi — Germaniyalik tadbirkor Vadim Rozenshteyn 85 ta ovoz to‘pladi. Shu tariqa Turlov FIDEning sakkizinchi prezidenti bo‘ldi va bu lavozimda Arkadiy Dvorkovich o‘rnini egalladi.



