Turkmaniston chet elliklar uchun elektron vizalar va onlayn ro‘yxatdan o‘tish tizimini ishga tushirdi

Ashxabod aeroporti. se.ua seyti fotosurati

Turkmaniston Davlat migratsiya xizmati (DMX) elektron vizalar tizimi va xorijiy fuqarolarni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish portalini ishga tushirdi. Bu haqda Turkmenistaninfo xabar berdi.

Yangi raqamli xizmatlar taqdimoti DMXda bo‘lib o‘tdi. Unda Turkmanistonda akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy diplomatik vakolatxonalar rahbarlari ishtirok etdi. Turkmanistonning xorijdagi elchilari tadbirga videomuloqot orqali qo‘shildi.

Elektron vizalar tizimi migration.gov.tm portali asosida ishlaydi. U orqali xorijliklar mamlakatga kirish uchun ruxsatnoma olishga zarur hujjatlarni internet orqali yuborishlari mumkin. Migratsiya xizmatining rasmiy portali idoraning alohida raqamli xizmati sifatida faoliyat yuritadi.

Bundan tashqari, xorijiy fuqarolarni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish uchun mo‘ljallangan rgstr.migration.gov.tm sayti ishga tushirildi. U orqali sayyohlar, tadbirkorlar va diplomatlar migratsiya hisobiga qo‘yilish uchun hujjatlarni onlayn tarzda topshirishlari mumkin.

Hokimiyat organlari migratsiya jarayonlarini elektron shaklga o‘tkazish hujjatlarni rasmiylashtirish muddatlarini qisqartirishi va qog‘ozbozlik hajmini kamaytirishini kutmoqda.

Elektron viza joriy etilgunga qadar Turkmanistonga sayyohlik safari uchun chet elliklar, qoida tariqasida, avval qabul qiluvchi tomon yoki turoperator orqali taklifnoma olishlari, so‘ngra viza rasmiylashtirishlari talab etilardi. 2025 yil aprel oyida «Migratsiya to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartishlar kiritildi. Unga ko‘ra, elektron viza olish uchun taklifnoma talab qilinmaydi.

Shu bilan birga, hozircha hokimiyat organlari yangi tizimning ishlash shartlarini, jumladan, e-Visa narxi, arizalarni ko‘rib chiqish muddatlari va zarur hujjatlarning to‘liq ro‘yxatini ochiq tarzda e’lon qilmagan.