Rossiya hukumati O‘zbekiston, Tojikiston, Ozarbayjon, shuningdek, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOII)ga a’zo davlatlarga 1 million rubldan (taxminan 12 ming dollar) ortiq miqdorda naqd pul olib chiqishni taqiqladi. Tegishli me’yor Rossiya prezidenti Vladimir Putinning 29 sentyabrdagi farmonida belgilangan.
Mazkur cheklov faqat jismoniy shaxslarga nisbatan amal qiladi. Kompaniyalar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga (YATT) esa yuqorida sanab o‘tilgan davlatlarga milliy valyutadagi naqd pul mablag‘larini miqdoridan qat’i nazar, umuman olib chiqish taqiqlangan.
Biroq bundan istisnolar ham bor. Jumladan, qog‘oz rubllarni YEOII davlatlariga — Rossiyadan tashqari Belarus, Armaniston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga, shuningdek, Ozarbayjon, Tojikiston va O‘zbekistonga olib chiqish mumkin, agar:
✅ pullarni olib chiqish belgilangan aeroportlar orqali amalga oshirilsa (ularning ro‘yxatini keyinroq Rossiya hukumati tasdiqlaydi);
✅ fuqaro, yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkorda ushbu mablag‘lar Rossiya banklaridagi tegishli hisobraqamlar yoki omonatlardan yechib olinganini tasdiqlovchi bank ma’lumotnomasi bo‘lsa;
✅ tranzit amalga oshirilsa, ya’ni safarning boshlanish nuqtasi va manzili Rossiyadan tashqarida joylashgan bo‘lsa;
✅ mablag‘lar Rossiya Tashqi ishlar vazirligining bildirishnomasi asosida xorijdagi diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalari va shunga o‘xshash tuzilmalar faoliyatini ta’minlash uchun olib chiqilsa.
Prezident farmonida taqiq buzilgan taqdirda naqd pullar olib qo‘yilishi aytilgan. Kompaniyalar va yakka tartibdagi tadbirkorlardan mablag‘lar to‘liq hajmda, fuqarolardan esa olib chiqishga ruxsat etilgan 1 million rubldan ortiq summa musodara qilinadi.
Rossiyada bunday cheklovlar avval ham amal qilgan. Joriy yil 1 apreldan boshlab naqd pullarni faqat YEOII davlatlariga olib chiqish taqiqlangan bo‘lib, limit mazkur valyuta ekvivalentida 100 ming dollardan oshmasligi kerak edi.
Bunda shunga o‘xshash istisnolar ham amal qilgan. Xususan, hukumat ko‘p o‘tmay rubldagi katta miqdordagi naqd pullarni olib chiqishga ruxsat berilgan 17 ta aeroport ro‘yxatini shakllantirgan. Ushbu ro‘yxatga, masalan, Moskvadagi Vnukovo, Domodedovo va Sheremetevo aeroportlari, shuningdek, Kaliningrad, Novosibirsk, Chelyabinsk, Kaluga, Maxachqal’a, Murmansk va boshqa ayrim shaharlarning xalqaro aeroportlari kiritilgan.



