Sud Pokistonda tahsil olayotgan afg‘onistonlik shifokorlarni deportatsiya qilishni vaqtincha to‘xtatdi

Pokistondagi afg‘on talabalari. TOLOnews sayti fotosurati

Peshavar Oliy sudi Pokistonda oliy ta’limdan keyingi tayyorgarlik va ixtisoslashtirilgan ta’limdan o‘tayotgan 17 nafar afg‘onistonlik shifokor va tibbiyot talabasini deportatsiya qilishni vaqtincha to‘xtatdi. Bu haqda Afg‘onistonning TOLOnews telekanali xabar berdi.

Avvalroq «Farg‘ona» Pokistonning tibbiyot muassasalarida tahsil olayotgan afg‘onistonlik shifokorlar va talabalarning mamlakatdan chiqarib yuborilish xavfi bilan bog‘liq muammolar haqida xabar bergandi. Tibbiyot universitetlariga afg‘onistonlik fuqarolarni o‘qitishni to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan. Ayrim holatlarda talabalarga zarur hujjatlarni rasmiylashtirish va mamlakatni tark etish uchun atigi 24 soat vaqt berilgan.

17 kishi sudga murojaat qilgan. Sud ish keyinchalik ko‘rib chiqilgunga qadar ularni deportatsiya qilish jarayonini vaqtincha to‘xtatish haqida qaror chiqargan.

Sud qarori Pokistonda afg‘onistonlik fuqarolarni mamlakatdan chiqarib yuborish bo‘yicha davom etayotgan kampaniya fonida qabul qilindi. Bu jarayon gumanitar tashkilotlar va Afg‘oniston hukumatida xavotir uyg‘otmoqda. Ko‘pchilik shu kabi holatlardan farqli o‘laroq, bu ishda gap mehnat muhojirlari yoki qochqinlar haqida emas, balki tibbiyot sohasi mutaxassislari va kasbiy tayyorgarlikdan o‘tayotgan bo‘lajak shifokorlar haqida bormoqda.

Pokiston afg‘onistonlik tibbiyot talabalari uchun asosiy ta’lim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bunday mutaxassislarni ehtimoliy deportatsiya qilish ularning ta’limni yakunlashi va keyinchalik sog‘liqni saqlash sohasida ishlashini qiyinlashtirishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi oylarda Islomobod va Kobul o‘rtasidagi munosabatlar yana keskinlashdi. Tomonlar bir-birini qurolli guruhlarni qo‘llab-quvvatlash va chegara hududlarida xavfsizlikni buzishda ayblamoqda.