Qozog‘iston Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankidan 6 milliard dollar qarz olmoqchi

Getty Images Plus fotosurati

Qozog‘istonning yangi bir palatali parlamenti — Qurultoy deputatlari 23 sentyabr kuni «Qozog‘iston Respublikasi Hukumati va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) o‘rtasidagi sheriklik to‘g‘risidagi hadli bitimni ratifikatsiya qilish haqida»gi qonun loyihasini ikki o‘qishda ma’qulladi, deb xabar beradi Zakon.kz.

Qurultoy majlisida Bosh vazir o‘rinbosari — Milliy iqtisodiyot vaziri Serik Jumang‘arinning ma’lum qilishicha, kelishuv Qozog‘istonga yaqin besh yil ichida imtiyozli shartlarda qariyb 6 milliard dollar jalb qilish imkonini beradi.

Mablag‘larni transport, energetika, sog‘liqni saqlash va yashil moliyalashtirish sohalaridagi loyihalarga yo‘naltirish rejalashtirilmoqda.

Jumang‘arinning so‘zlariga ko‘ra, OIIB kreditlarining shartlari moslashuvchan: qarzlarni qaytarish muddati 35 yilgacha bo‘lishi mumkin, foiz stavkasi esa 1%dan 1,5%gacha tashkil etadi. Moliyalashtirish tanlangan valyutaga qarab dollar, iyena, yuan yoki yevrodagi mablag‘larda ajratilishi mumkin.

«Ratifikatsiya qilinganidan keyingi dastlabki besh yil davomida hadli kelishuv mamlakat iqtisodiyotiga qariyb 6 milliard dollar miqdorida qo‘shimcha “uzoq muddatli mablag‘lar”ni imtiyozli shartlarda jalb qilish, loyihalarni moliyalashtirish vositalarini kengaytirish, davlat xarajatlarini ustuvorroq loyihalarga qayta taqsimlash orqali budjetga tushadigan yukni kamaytirish, shuningdek, loyihalarni amalga oshirish jarayonlarini optimallashtirish imkonini beradi», — dedi vazir.

Yaqin vaqt ichida qator infratuzilmaviy loyihalarni, jumladan, «Jezqazg‘an — Qarag‘anda», «Aktөbe — Qorabutak — Ulg‘aysin», «Atirau — Dossor» va «Moyinti — Qiziljar» avtomobil va temir yo‘llarini rekonstruksiya qilish ishlarini moliyalashtirishni boshlash rejalashtirilmoqda.

Jumang‘arinning ta’kidlashicha, Qozog‘iston OIIB bilan 2015 yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Shu vaqt mobaynida bank bilan umumiy qiymati 1,8 milliard dollar bo‘lgan yettita loyiha amalga oshirilgan. Ular energetika, sog‘liqni saqlash, shuningdek, iqtisodiy va fiskal barqarorlik sohalariga taalluqli bo‘lgan.

«Shu vaqtga qadar biz asosan ushbu bank bilan hukumat qarzlari bo‘yicha ishlab keldik va bu davlat qarzini, umuman olganda, hukumat va davlat qarzini oshirib bordi. Bugungi kunda esa kelishuv imzolanganidan so‘ng davlat kafolatlari asosida ishlash imkoniyatiga ega bo‘lamiz — bular davlatning shartli majburiyatlari bo‘lib, davlat qarzini oshirmaydi», — dedi Jumang‘arin.

Qozog‘iston so‘nggi yillarda tashqi qarzlarni, jumladan, qarzlarni qayta moliyalashtirish va budjet taqchilligini moliyalashtirish maqsadida jalb qilmoqda. 2026 yilda respublika budjeti taqchilligi 4,6 trillion tenge (10,3 milliard dollar) darajasida bo‘lishi kutilmoqda.