2023 yildagi Sustainable transport connections between Europe and Central Asia (Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasida barqaror transport aloqalari) hisobotidan olingan fotosurat
Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazni Yevropa bozori bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘lashi kerak bo‘lgan «O‘rta yo‘lak»ni rivojlantirishga 12 milliard yevrogacha davlat va xususiy investitsiyalarni jalb etish niyatida. Bu haqda 16 sentyabr kuni Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen «Ittifoqning ahvoli to‘g‘risida»gi yillik murojaatida ma’lum qildi. Yevropa Komissiyasi rahbari aniqlik kiritishicha, moliyalashtirish Yevropa Ittifoqining Global Gateway tashabbusi orqali safarbar etilishi rejalashtirilmoqda.
«Bizning maqsadimiz — yo‘nalishlarni diversifikatsiya qilish, savdo oqimlarini uch baravar oshirish va 2030 yilga qadar yuklarni tashish muddatlarini keskin qisqartirishdan iborat», — dedi fon der Lyayen. Uning so‘zlariga ko‘ra, loyihani amalga oshirish maqsadida Yevropa Komissiyasi Bolgariya Bosh vaziri bilan birgalikda transport aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy sammit o‘tkazadi.
Fon der Lyayen xalqaro hamkorlikni rivojlantirishni Yevropaning strategik tanlovi va qoidalarga asoslangan xalqaro tizimdagi bo‘linishga javob deb atadi. Shu bilan birga, ma’lum qilingan 12 milliard yevro allaqachon ajratilgan mablag‘ emas, balki jalb qilinishi rejalashtirilayotgan investitsiyalarning maqsadli hajmi sifatida belgilangan. E’lon qilingan nutqda mablag‘larni mamlakatlar va muayyan obyektlar o‘rtasida taqsimlash masalasi ochib berilmagan.
ℹ️ «O‘rta yo‘lak», shuningdek Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi nomi bilan ham tanilgan bo‘lib, Xitoyni Rossiya hududini chetlab o‘tgan holda Qozog‘iston, Kaspiy dengizi, Ozarbayjon va Gruziya orqali Yevropa bilan bog‘laydi. Yevropa Komissiyasi 2023 yili e’lon qilgan tadqiqotda tushuntirilishicha, Gruziyadan yuklar quruqlik orqali Turkiyaga yoki dengiz yo‘li bilan Qora dengiz orqali Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga yetkazilishi mumkin.



