Muhiddin Kabiriy TIUP rahbari lavozimini tark etdi. Partiyaga Islomjon Saidov rahbarlik qiladi

Muxiddin Kabiriy (chapda), Islomjon Saidov. Wikipedia, tajnews.org fotosurati

Muhiddin Kabiriy Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi (TIUP) rahbari lavozimidan ketganini ma’lum qildi. Bu haqda «Azattik-Aziya» xabar berdi.

TIUPning yangi rahbari etib avval partiya rahbarining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan Islomjon Saidov saylandi. Saylov 19 sentyabr kuni Vilnyusda bo‘lib o‘tdi. Rahbarlik lavozimiga yana ikki nomzod — Abubakr Nuriy va Abdulqodir Shayxov da’vo qilgan, ammo Saidov 64 foiz ovoz olgan.

Kabiriy iste’fosini partiya rahbarligida uzoq vaqt ishlagani va «endi yangilanish vaqti kelgani» bilan izohladi. Partiya ichida jiddiy kelishmovchiliklar borligi haqidagi taxminlarga izoh berarkan, Kabiriy partiya safini tark etganlar Tojikiston xavfsizlik organlarining bosimi ostida shunday qaror qabul qilganini ma’lum qildi.

TIUPning sobiq rahbari shuningdek, xorijda faoliyat yuritayotgan muxolifat tashkilotlari koalitsiyasi — «Tojikiston Milliy Alyansi» rahbari bo‘lib qolishini ma’lum qildi.

TIUP rasman 1991 yil oktyabr oyida tashkil etilgan. Kabiriy partiya asoschisi va rahbari Said Abdullo Nuriy vafotidan so‘ng, 2006 yilda uning rahbari bo‘lgan. 16 yil davomida TIUP sobiq SSSR hududida rasman faoliyat yuritgan yagona diniy yo‘nalishdagi partiya bo‘lgan. 2015 yilda partiya mamlakat Mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari Abduhalim Nazarzoda tomonidan uyushtirilgan harbiy isyonni tashkil etishda ayblandi. Shundan so‘ng Tojikiston Oliy sudi TIUPni terroristik-ekstremistik tashkilot deb topdi.

Partiyaning ko‘plab a’zolari va tarafdorlari ta’qibga uchradi, partiya rahbariyati hibsga olindi, siyosiy kengashning 14 a’zosi turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilindi. Ulardan ikki nafari — Mahmadali Hayit va Saidumar Husayniy — umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Kabiriy esa mamlakatni tark etishga ulgurdi. Tojikistonda unga nisbatan sirtdan umrbod qamoq jazosi tayinlanib, Jinoyat kodeksining 16 ta moddasi bo‘yicha aybdor deb topildi.

TIUP rahbariyati va Kabiriy barcha ayblovlarni rad etib, ularni siyosiy sabablarga asoslangan va muxolifat partiyasini yo‘q qilishga qaratilgan deb ataydi. Tojikistonda faoliyati to‘xtatilguniga qadar partiyaning 40 mingdan ortiq a’zosi bo‘lgan va u hukmron Xalq demokratik partiyasidan keyin mamlakatdagi ikkinchi yirik siyosiy kuch hisoblangan.