Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov muzliklarni va Issiqko‘l ko‘li ekotizimini saqlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Unga ko‘ra, respublikada tegishli ekologik loyihalarni moliyalashtirish uchun maxsus jamg‘arma tashkil etiladi. Davlat rahbarining qarori haqida AKIpress axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, hujjat atrof-muhitni muhofaza qilish, suv resurslaridan oqilona foydalanish va iqlim o‘zgarishiga moslashish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan. Farmonda muzliklar suvning asosiy manbai sifatida strategik ahamiyatga ega ekani ta’kidlangan. Shuningdek, Issiqko‘l ekotizimini milliy va jahon miqyosidagi obyekt sifatida saqlash zarurligi qayd etilgan.
Yangi tashkil etiladigan jamg‘armaning asosiy vazifalari belgilandi. Ular quyidagilardan iborat:
✅ xalqaro moliyalashtirishni, iqlim jamg‘armalari va donor tashkilotlar mablag‘larini jalb qilish;
✅ muzliklar va suv resurslarini saqlashga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish;
✅ suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish;
✅ suv resurslarining holatini monitoring qilish.
Bundan tashqari, jamg‘arma iqlim o‘zgarishiga moslashish, muzliklarning yemirilishi va degradatsiyasini kamaytirish, favqulodda vaziyatlar xavfini pasaytirish, shuningdek, tog‘ va suv ekotizimlarining barqarorligini ta’minlashga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Qirg‘iziston hukumatiga joriy yilning 1 oktyabriga qadar jamg‘armaning tashkiliy-huquqiy shaklini, uni tashkil etish va faoliyat yuritish tartibini, loyihalarni tanlash va moliyalashtirish mexanizmlarini, shuningdek, shaffoflik, hisobdorlik va auditga qo‘yiladigan talablarni belgilash vazifasi yuklatildi.
Jamg‘arma faoliyatini muvofiqlashtirish Qirg‘iziston Suv resurslari, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati vazirligi zimmasiga yuklanadi. Boshqa idoralar uchun ham alohida mas’uliyat sohalari belgilandi. Jumladan, muzliklarni saqlash va muhofaza qilish masalalarini Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Issiqko‘lni muhofaza qilish masalalarini esa Tabiiy resurslar, ekologiya va texnik nazorat vazirligi nazorat qiladi.



