Qirg‘iziston tadbirkorlarining Wildberries omborlariga qilingan hujumlardan ko‘rgan zarari $65 mlnga baholandi

vremya.press sayti fotosurati

Qirg‘izistonlik tadbirkorlar Rossiyadagi Wildberries omborlariga dronlar hujumlari oqibatida zarar ko‘rgan tovarlar qiymatini dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 5,45 milliard somdan ortiq, ya’ni qariyb 65 million dollar deb baholadi. Bu haqda Tazabek nashri Qirg‘iziston Iqtisodiyot va tijorat vazirligi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.

Vazirlikning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 460 nafar tadbirkor zarar ko‘rgan. Ulardan 126 nafari ishlab chiqaruvchilar, 334 nafari esa sotuvchilar (sellerlar) hisoblanadi. Zararning yakuniy miqdori inventarizatsiya va tadbirkorlarning arizalarini Wildberries ma’lumotlari bilan solishtirish ishlari yakunlanganidan so‘ng aniqlanadi. Iqtisodiyot vazirligi yakuniy summa o‘zgarishi mumkinligini ta’kidladi.

Ayniqsa, to‘qimachilik sohasi uchun zarar sezilarli bo‘lgan. Yengil sanoat «Legprom» assotsiatsiyasi direktori Azamat Kerimbek uulu tushuntirishicha, tikuvchilik korxonasi uchun ombordagi tovar bir vaqtning o‘zida ishlab chiqarishga kiritilgan aylanma mablag‘ va kutilayotgan daromadni anglatadi. Partiyaning yo‘qotilishi ikki tomonlama zarar keltiradi: korxona ham tovardan, ham mablag‘dan mahrum bo‘ladi.

«Marketpleyslarning ombor infratuzilmasiga qilingan hujumlar Qirg‘iziston ishlab chiqaruvchilari va sellerlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Ko‘pchilik tovarlarini yo‘qotdi, logistika buzildi, kassa uzilishlari yuzaga keldi. Agar vaziyat cho‘zilsa, ishlab chiqarish hajmi qisqarishi, kichik sexlar va ish o‘rinlari yopilishi xavfi bor», — dedi Kerimbek uulu.

Iqtisodiyot vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda Wildberries va Ozon platformalarida Qirg‘izistondan 20 mingdan ortiq sotuvchi ro‘yxatdan o‘tgan. Shu yili Rossiya Qirg‘iziston tovarlarini 738,5 million dollarlik hajmda qabul qilgan, uning Qirg‘iziston umumiy eksportidagi ulushi esa 24,4 foizni tashkil etgan.

Vazirlik ma’lum qilishicha, Wildberries Qirg‘izistonlik sotuvchilarga qisman to‘lovlarni amalga oshirishni boshlagan. Har bir holat bo‘yicha kompensatsiya miqdori hujjatlar va zararni baholash natijalari asosida alohida belgilanadi. Ilk ikki transh 22 va 30 iyul kunlari amalga oshirilgan: birinchi to‘lov 88 ming nafar kichik biznes tadbirkorini, ikkinchisi esa 97 mingdan ortiq kichik va o‘rta biznes vakilini qamrab olgan. Kompaniya bu to‘lovlarni fors-major holatlari tufayli zarar ko‘rgan tovarlar uchun ixtiyoriy kompensatsiya sifatida atadi.

Ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida Qirg‘iziston Iqtisodiyot vazirligi va «RVB» kompaniyasi (Russ va Wildberries birlashgan kompaniyasi) tezkor shtab tuzgan va har hafta videokonferensiyalar o‘tkazmoqda. «Kirgiz Eksport» markazi direktori Urmat Takirovning tushuntirishicha, sotuvchilarning RVB bilan shartnomalari Rossiya hududida tuzilgan. Shuning uchun talablarning huquqiy bahosi oferta shartlari va Rossiya qonunchiligiga bog‘liq bo‘ladi.

Qirg‘iziston hukumati 2026 yil 1 avgustdan 31 dekabrgacha yagona soliq va u bo‘yicha hisobotdan vaqtincha ozod qilishni nazarda tutuvchi loyihani tayyorladi. Ushbu chora tikuvchilik va to‘qimachilik ishlab chiqarishi subyektlari, shuningdek, YEOII davlatlarida elektron maydonchalar orqali tovar sotuvchi tadbirkorlar uchun taklif etilmoqda. 27 avgust holatiga ko‘ra, loyiha Qirg‘iziston prezidenti ma’muriyati bilan kelishish uchun yuborilgan.

Zarar ko‘rgan biznes uchun kredit ta’tillari, to‘lovlarni kechiktirish va kreditlarni qayta tuzish masalalari ham alohida ishlab chiqilmoqda. Sohani qo‘llab-quvvatlashning amaldagi tizimida Iqtisodiyot vazirligi aylanma mablag‘larni yillik 6 foiz stavkada imtiyozli kreditlashni ham qayd etmoqda.

Kompensatsiya izlash bilan bir qatorda Qirg‘iziston ishlab chiqaruvchilari sotuv bozorlarini diversifikatsiya qilishga harakat qilmoqda. 25–27 avgust kunlari Qirg‘izistonning 34 ta to‘qimachilik kompaniyasi Polshadagi Lodz shahrida o‘tkazilgan Trends Expo va Sourcing Expo ko‘rgazmalarida ishtirok etdi. Keyingi yo‘nalish sifatida 2026 yil 31 avgustdan 2 sentyabrgacha Parijda bo‘lib o‘tadigan Texworld Apparel Sourcing Paris ko‘rgazmasi belgilangan bo‘lib, unga Qirg‘izistonning 14 ta kompaniyasini yuborish rejalashtirilmoqda.

Biroq Urmat Takirov ta’kidlashicha, Yevropa bozori Rossiya bozorining o‘rnini qisqa muddatda bosa olmaydi. Yetkazib beruvchilar matolarning xavfsizligi va ekologik talablarga muvofiqligini ta’minlash, sertifikatlash, xarid jarayonlari va ishlab chiqarish nazoratiga qo‘shimcha mablag‘ sarflashiga to‘g‘ri keladi. Soha uchun eng realistik strategiya — Rossiyadagi sotuvlarni saqlab qolish, zaxiralarni bir nechta ombor o‘rtasida taqsimlash va bir vaqtning o‘zida Polsha, Fransiya hamda boshqa bozorlarda sotuv kanallarini kengaytirishdir.

ℹ️ Ukraina dronlarining hujumlari seriyasi 2026 yil 18 iyul kuni kechasi Moskva viloyatining Elektrostal va Tambov viloyatining Kotovsk shaharlaridagi Wildberries logistika majmualariga qilingan hujumlar bilan boshlangan. Avgust oyi o‘rtasiga kelib, hujumlar Rossiyaning turli hududlaridagi kompaniyaning 23 ta obyektiga ta’sir ko‘rsatdi. Jami 14 kishi halok bo‘lgan, 110 dan ortiq kishi jabrlangan. Keyinchalik Ozon'ning taqsimlash markazlari ham hujumlarga uchragan. 22–31 avg