Qozog‘iston hukumati mamlakatdagi eng yirik neft koni operatori — «Tengizshevroyl» kompaniyasini chiqindilarni saqlash qoidalarini buzganlikda aybladi, deb xabbar beradi Bloomberg.
Qozog‘iston Ekologiya va tabiiy resurslar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, iyul oyida Atirau viloyati Ekologiya departamenti Tengiz konida rejadan tashqari tekshiruv o‘tkazgan. Tekshiruv yakunlariga ko‘ra, obyektda «ruxsat etilgan me’yorlarni belgilaydigan ekologik ruxsatnomasiz chiqindilar to‘plangani» aniqlangan.
«Tengizshevroyl» kompaniyasi — uning eng yirik aksiyadori AQSHning Chevron kompaniyasi hisoblanadi — ekologik tekshiruv xulosalariga qo‘shilmagan va sudgacha bo‘lgan shikoyat qilish jarayonini boshlagan. Shikoyat ko‘rib chiqilgunga qadar kompaniyani ma’muriy javobgarlikka tortish jarayoni to‘xtatilgan.
Kompaniya vakillari faoliyat vakolatli davlat organlari tomonidan berilgan talablar va ruxsatnomalarga muvofiq amalga oshirilayotganini ta’kidlaydi.
Bu Tengiz koni operatori ishtirokidagi birinchi ekologik nizo emas. 2026 yil aprel oyida «Tengizshevroyl» me’yordan ortiq ifloslantiruvchi moddalar chiqargani uchun 53,7 million tenge (taxminan 113 ming dollar) miqdorida jarimaga tortilgan edi.
Qozog‘iston so‘nggi yillarda xalqaro neft konsorsiumlariga nisbatan ekologik talablarni kuchaytirmoqda. 2023 yilda hukumat Kashagan koni operatori — North Caspian Operating Company (NCOC) konsorsiumiga oltingugurtni me’yordan ortiq saqlagani uchun qariyb 5 milliard dollar miqdorida jarima da’vosini ilgari surgan edi. Konsorsium bu da’volarni sud tartibida rad etishga harakat qilmoqda, hukumat esa bu vaqt oralig‘ida uning mol-mulkini xatlash choralarini ko‘rgan.
«Tengizshevroyl» Qozog‘istondagi eng yirik neft loyihasi bo‘lgan Tengiz konida ish yuritadi. Kompaniya aksiyalarining 50 foizi Chevronga, 25 foizi Exxon Mobilga, 20 foizi «KazMunayGaz»ga («Samruk-Qazina»ning sho‘ba korxonasi) va 5 foizi Rossiyaning «Lukoyl» kompaniyasiga tegishli. Hozirda loyiha ishtirokchilari Qozog‘iston hukumati bilan konni o‘zlashtirish litsenziyasini 2033 yildan sshng uzaytirish masalasi bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.



