Xitoyliklar tarixdagi birinchi o‘zbek sun’iy yo‘ldoshi — Samarkand-2028 ni koinotga olib chiqdi

«O‘zbekkosmos» agentligi matbuot xizmati fotosurati

Xitoyning Star.Vision kompaniyasi O‘zbekistonda ishlab chiqilgan sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan modul bilan jihozlangan Samarkand-2028 giperspektral sun’iy yo‘ldoshini muvaffaqiyatli uchirdi. Bu haqda Markaziy Osiyo respublikasining Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, sun’iy yo‘ldosh Shandun viloyati sohillari yaqinidagi dengiz start platformasidan koinotga uchirilgan.

Samarkand-2028 bilan bir vaqtda Xitoyning Lampung-1 sun’iy yo‘ldoshi ham uchirilgan. Uning parvozi ham reja asosida muvaffaqiyatli amalga oshirilgan.

Raqamli texnologiyalar vazirligi ta’kidlashicha, mazkur uchirish O‘zbekistonning milliy kosmik dasturi rivojida yangi bosqichni boshlab beradigan eng yirik xalqaro loyihalardan biri hisoblanadi. Shuningdek, u O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ilmiy-texnologik hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Samarkand-2028 sun’iy yo‘ldoshining bort tizimi uchun maxsus sun’iy intellekt moduli «O‘zbekkosmos» agentligi mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan. Ushbu texnologiya giperspektral ma’lumotlarni bevosita orbitaning o‘zida qayta ishlash imkonini beradi. Bu esa ma’lumotlarni uzatish va keyingi tahlil qilish samaradorligini sezilarli darajada oshiradi.

Xitoylik hamkorlar tomonidan koinotga uchirilgan mazkur apparat qishloq xo‘jaligi, ekologiya, shaharsozlik va boshqa strategik ahamiyatga ega sohalarda ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. Shuningdek, sun’iy yo‘ldosh tabiiy resurslarni monitoring qilish, suv resurslarini boshqarish hamda favqulodda vaziyatlarni barvaqt aniqlash va oldini olishga xizmat qiladi.

«Mazkur loyiha O‘zbekistonning jahon kosmik hamjamiyatidagi ishtirokini kengaytirish, milliy muhandislik salohiyatini rivojlantirish hamda sun’iy intellekt va kosmik texnologiyalar yo‘nalishida xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi», — deyiladi vazirlik xabarida.

Kecha, 4 avgust kuni, sun’iy yo‘ldoshning uchirilish jarayoni aks etgan video tarqaldi. Unda xitoylik mutaxassislar tomonidan amalga oshirilgan keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari namoyish etilgan.

2025 yil dekabr oyida O‘zbekiston rasmiylari prezident Shavkat Mirziyoyevga mamlakatda sun’iy intellekt moduli bilan jihozlangan sun’iy yo‘ldosh ishlab chiqilayotgani haqida axborot bergan edi. O‘shanda mazkur kosmik apparat Yer yuzasini masofadan turib kuzatishi, u olgan tasvirlar esa havo sifati, qishloq xo‘jaligi ekinlari va o‘rmonlar holatini monitoring qilishda qo‘llanilishi ta’kidlangan edi.

ℹ️ Samarkand-2028 nomi ramziy ma’noga ega. U o‘tgan yili bo‘lib o‘tgan Xalqaro astronavtika kongressi (IAC) qarori bilan bog‘liq bo‘lib, unga ko‘ra, 2028 yilgi mazkur nufuzli xalqaro anjumanga Samarqand shahri mezbonlik qiladi.