Toʻqayev Moskvada Putin bilan uchrashuvda Rossiyani maqtadi va Stalindan iqtibos keltirdi

Qosim-Joʻmart Toʻqayev va Vladimir Putin akorda.kz saytidan olingan surat

Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev Moskvada rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda Rossiyani buyuk davlat deb atadi va uning jahon siyosatidagi oʻrnini yuqori baholadi. Suhbat chogʻida u texnologiyalarni rivojlantirish ustida ishlashni davom ettirish zarurligi haqida gapirar ekan, Iosif Stalindan ham iqtibos keltirdi. Uchrashuv tafsilotlarini «Kommersantʼ» nashrining maxsus muxbiri Andrey Kolesnikov maʼlum qildi.

Toʻqayev Moskvaga 25 noyabr kuni kechqurun Sberbankning sunʼiy intellekt (SI) rivojiga bagʻishlangan konferensiyasining bosh mehmoni sifatida yetib keldi. Uning tashrifi jurnalistlar uchun kutilmagan holat boʻldi, deb yozadi material muallifi.

Uchrashuv chogʻida Putin Qozogʻiston axborot texnologiyalarini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratayotganini taʼkidladi. Bunga javoban Toʻqayev 2020 yilda onlayn formatda oʻtkazilgan SI boʻyicha birinchi forumni yodga oldi. Markaziy Osiyo respublikasi prezidentining soʻzlariga koʻra, oʻshanda rossiyalik hamkasbi uch-toʻrt yil ichida sunʼiy intellekt va raqamlashtirish alohida ahamiyat kasb etishini bashorat qilgan edi. Toʻqayev ta’kidlashicha, bu taxmin toʻgʻri chiqqan.

«Siz oʻshanda juda yorqin chiqish qilgandingiz va uch-toʻrt yil oʻtmay sunʼiy intellekt, raqamlashtirish mavzusi birinchi oʻringa chiqishi haqida gapirgandingiz. Hozir aynan shunday boʻldi», — dedi Qozogʻiston yetakchisi.

Shuningdek, Toʻqayev mamlakatning raqamlashtirish sohasidagi yutuqlari haqida soʻzlab berdi. Uning soʻzlariga koʻra, BMTning elektron hukumat va inson kapitalini rivojlantirish boʻyicha reytingida Qozogʻiston dunyoda 24-oʻrindan 16-oʻringa koʻtarildi.

«Ammo bu, albatta, xotirjamlikka berilish, oʻziga haddan tashqari ishonish yoki Stalin aytganidek, muvaffaqiyatlardan bosh aylanishi uchun sabab emas, — deya taʼkidladi u. — Oldinda juda koʻp ish bor, shuning uchun ham maʼlum maʼnoda biz ushbu forumga Rossiyada qilingan ishlarni bilish va oʻrganish uchun keldik, sizga aytsam, anchagina ishlar amalga oshirilgan!»

«Oh-ho, bunday uchrashuvlarda Iosif Stalindan endi bemalol ovoz chiqarib iqtibos keltirsa boʻlar ekan. Va, ehtimol, bu hatto kerakdir ham», — deb yozdi bu borada Kolesnikov.

Soʻngra Toʻqayev Sberbank va uning rahbari German Grefni maqtab, kiberxavfsizlikni rivojlantirishdagi yutuqlarini qayd etdi. Nutqining alohida qismini u Putinning Xitoyga yaqinda amalga oshirgan tashrifiga hamda Rossiya yetakchisining Shenchjendagi sammitda ishtirok etishiga bagʻishladi.

«Men tarix rivojining aynan shu juda murakkab davrida, geosiyosat, taʼbir joiz boʻlsa, raqsga tushib ketgan, yaʼni mutlaqo beqaror boʻlgan bir paytda, buyuk davlat sifatida old planga, birinchi planga chiqqan Rossiya uchun qarab quvondim!» — deya bayonot berdi prezident.

U sammit yakunlari boʻyicha qabul qilingan deklaratsiyani ham yuqori baholab, uni tayyorlashda Rossiya diplomatiyasi va Putinning qoʻshgan hissasini qayd etdi.

«Va, albatta, bu Sizning timsolingizdagi Rossiya prezidentining ulkan xizmatidir, Vladimir Vladimirovich. Men bundan chin dildan xursandman! — deya qoʻshimcha qildi Qozogʻiston prezidenti. — Rossiya — buyuk davlat! Mazmuni va, albatta, ahamiyati jihatidan mutlaqo maqbul deklaratsiya qabul qilindi, chunki bugungi zamonaviy dunyoda bundan ortigʻini kutish haqiqatdan yiroq boʻlardi, lekin deklaratsiya… Mening tushunishimcha, uni ishlab chiqishda shaxsan oʻzingiz qatnashgansiz, chunki uslub va mazmun menga tanish edi… Siz ushbu hujjatning asosiy bandlari sifatida kiritilgan jihatlar haqida tez-tez gapirgansiz… Bu, shubhasiz, ham Rossiya diplomatiyasining, ham, albatta, buyuk Rossiya davlatining ancha katta yutugʻidir».

👉 Rossiya prezidenti Vladimir Putin xalqaro tadbirlarda Qosim-Joʻmart Toʻqayev bilan muntazam uchrashib turadi. Ikki davlat rahbarlarining amaliy tashriflari haqida gapiradigan boʻlsak, bundan oldingi shunday uchrashuv iyul oyida Qozogʻiston bilan chegara yaqinidagi Rossiyaning Omsk shahrida boʻlib oʻtgan edi. Oʻshanda Toʻqayev Rossiya-Ukraina mojarosining mohiyati unga «unchalik tushunarli emasligini» maʼlum qilgan va uni «muzlatib qoʻyish»ni taklif etgandi.