O‘zbekistonda biznesni rivojlantirishga mas’ul bo‘lgan hokim yordamchilari faoliyatini baholash tizimi o‘zgaradi — son ko‘rsatkichlaridan sifat ko‘rsatkichlariga o‘tiladi. Yangi korxonalar faoliyatining barqarorligi, ish o‘rinlarining saqlanib qolishi hamda tovar aylanmasining o‘sishi asosiy mezonlarga aylanadi. Bu haqda mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda e’lon qilindi, deb xabar beradi davlat rahbarining matbuot xizmati.
Mamlakat muayyan natijalarga erishgani, xususan, 2017 yildan buyon qariyb 11 million kishi kambag‘allikdan chiqarilgani qayd etildi. Bu esa aholi daromadlarini oshirish va o‘rta sinfni kengaytirishga qaratilgan islohotlarni davom ettirish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Shu bilan birga, tadbirkorlik sohasida hamon ishga solinmagan katta salohiyat saqlanib qolmoqda. Chunonchi, iqtisodiyotda band bo‘lgan aholining 75 foizi kichik va o‘rta biznesda jamlangan bo‘lsa-da, mazkur tarmoqning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi atigi 55 foizni tashkil etmoqda. Mikrokorxonalarning yirikroq toifaga o‘tish ko‘rsatkichi bor-yo‘g‘i 4 foizga teng bo‘lib, bu xalqaro ko‘rsatkichlardan bir necha barobar pastdir. Axborot texnologiyalari, logistika, moliya va sug‘urta singari yuqori rentabelli sohalarda esa kichik biznesning ulushi 8 foizdan oshmaydi.
Shu munosabat bilan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rish, biznesni boshlashdan to tashqi bozorlarga chiqishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda kompleks xizmatlar ko‘rsatish taklif etildi. Prezident kreditlash, kafolat va kafilliklar berish, lizing, faktoring, venchur moliyalashtirish hamda kapitalga investitsiya kiritish kabi instrumentlardan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha topshiriq berdi.
O‘zbekiston Markaziy banki vakillari o‘z g‘oyalari taqdimotini o‘tkazdi. Xususan, kredit layoqatini baholashning muqobil uslublarini joriy etish, banklar va fintex-kompaniyalar o‘rtasida xavfsiz ma’lumot almashinuvini yo‘lga qo‘yish, bitta ariza orqali bir nechta tashkilotdan kredit takliflarini olish imkoniyatini yaratish ko‘zda tutilmoqda. Bundan tashqari, hududlarda biznes inkubatorlari va loyiha ofislari, tumanlarda mikro, kichik va o‘rta biznesga ko‘maklashish markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, tadbirkorlarga “bir darcha” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish taklif etildi.
Yig‘ilishda aholi daromadlarini oshirishga yo‘naltirilgan tashabbuslar haqida ham axborot berildi. Shu maqsadda qiymati 81 trillion so‘mlik (6,7 milliard dollar) mingta loyihani amalga oshirish hisobiga 320 mingta ish o‘rni yaratish, ixtisoslashgan mahallalar negizida kooperatsiyani rivojlantirish, tomorqalar va ijaraga olingan yerlarda bozorbop mahsulotlar yetishtirish rejalashtirilmoqda.
Mutasaddilarning prognozlariga ko‘ra, 2030 yilga borib kichik va o‘rta korxonalarning yirik korxonalar toifasiga o‘tish sur’atini ikki barobar oshirish, fuqarolarning umumiy bandligida ushbu tarmoq ulushini 80 foizga, o‘rta sinf ulushini esa 90 foizga yetkazish kutilmoqda.
Shuningdek, biznesni kreditlashning umumiy hajmida kafolat va kafillik asosida ajratiladigan kreditlar ulushi 1 foizdan 12 foizgacha, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hamda bozor qarzlari ulushi esa 17 foizdan 35 foizgacha ortishi ko‘zda tutilmoqda.



