2022 yilning fevralidan 2026 yilning avgustiga qadar Ukrainadagi urushda Qirg‘izistonda tug‘ilgan 2191 kishi halok bo‘ldi, ularning 228 nafari Markaziy Osiyo respublikasi fuqarosi bo‘lgan. Mazkur ma’lumotlar belaruslik xakerlar tomonidan buzib kirilib, mustaqil OAVga taqdim etilgan Rosstat ma’lumotlar bazasidan olingan, deb yozadi «Kloop» nashri.
Jurnalistlar o‘tkazgan tahlil qurbonlarning katta qismi Bishkek va Chuy viloyatidan bo‘lganini, eng kam qurbonlar esa Norin viloyati hissasiga to‘g‘ri kelganini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, 252 kishining tug‘ilgan joyi sifatida hech qanday aniqliksiz shunchaki Qirg‘iziston ko‘rsatilgan.
Rosstatning motam ro‘yxatiga kiritilgan respublikadan chiqqanlarning deyarli barchasi erkaklardir — 99,4%. Ularning eng yoshi 18 da, eng kattasi esa 83 yoshda bo‘lgan. Qurbonlarning yarmiga yaqini 35 yoshdan 49 yoshgacha bo‘lgan shaxslar hisoblanadi.
Statistikada qayd etilganlarning asosiy qismi Donetsk va Lugansk viloyatlari hududida halok bo‘lgan: bu ikki mintaqaga 1,5 mingdan ortiq qurbon to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, Markaziy Osiyo davlatida tug‘ilgan 116 kishi bevosita Rossiya hududida — Ukraina bilan chegaradosh Kursk va Belgorod viloyatlarida hayotdan ko‘z yumgan.
Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, o‘lim holatlarining 65 foizi jangovar harakatlar oqibatida olingan portlash jarohatlari tufayli yuz bergan. Yana 153 kishi o‘qotar qurol va boshqa harbiy jarohatlardan vafot etgan. Ro‘yxatdagilarning 25 foizida o‘lim sababi aniqlanmagan.
Jurnalistlar urush yillari bo‘yicha qurbonlar soni dinamikasini ham hisoblab chiqdilar. Jumladan, 2022 yilda Qirg‘izistonda tug‘ilganlar orasidagi o‘lim soni eng kam — 19 tani tashkil etgan. 2023 yilda — 175, 2024 yilda — 691, o‘tgan yili — 1100 va joriy yilning yanvar-avgust oylarida 206 ta holat qayd etilgan.
Bundan ko‘rinadiki, 2025 yil eng qonli davr bo‘lgan, o‘shanda nashr tahririyati hisob-kitoblariga ko‘ra, respublikada tug‘ilgan har bir kishi o‘rtacha har sakkiz soatda halok bo‘lgan.
Urush voqealari taqqoslansa, qirg‘izistonliklarning aksariyati Ugledar, Chasov Yar, Toretsk, Pokrovsk va Kupyansk uchun bo‘lgan janglarda halok bo‘lgani oydinlashadi.
Qayd etilishicha, 2026 yil bo‘yicha statistika to‘liq emas, chunki o‘lim holatlarini ro‘yxatga olish frontdagi voqealardan haftalar va oylar ortda qolmoqda, qurbonlarning bir qismi esa faqat sud qarori bilan vafot etgan deb topiladi. Shunday ekan, haqiqiy qurbonlar soni ancha yuqori, deya ta’kidlaydi «Kloop».
Qirg‘iziston OAVning qo‘shimcha qilishicha, bunday ma’lumotlar ochiq tarmoqqa faqat xakerlar tufayli sizdirilgan. Rosstat 2024 yildan beri RFdagi o‘lim ko‘rsatkichlarini yashirib kelmoqda, o‘tgan yilning yozidan esa idora demografik statistikani chop etishni butunlay to‘xtatgan.
Joriy yilning oktabr oyida Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi rahbari Rossiyada bo‘lib turgan vatandoshlarni Ukrainaga qarshi urushga majburan jalb qilish holatlari mavjudligini tan oldi. Ko‘pincha qonun bilan muammosi bo‘lgan muhojirlar bunday xavfga duchor bo‘layotgani ma’lum bo‘lgandi.



