BMT Xalqaro sudi 19 noyabr kuni Myanmani 2017 yilda Rakxayn shtatida oʻtkazilgan harbiy amaliyot chogʻida rohinja musulmon ozchiligiga qarshi genotsid sodir etganlikda javobgar deb topdi. Reuters xabariga koʻra, sud mamlakat zimmasiga yetkazilgan zararni qoplash va qochqinlarning xavfsiz qaytishini taʼminlash majburiyatini yuklagan.
Qaror Gambiyaning 2019 yilda bergan daʼvosi boʻyicha toʻqqizta qarshi oltita ovoz bilan qabul qilindi. Sud raisi Yuji Ivasava uni Gaagada eʼlon qildi; majlis translyatsiyasi BMT tomonidan eʼlon qilindi. Sud Myanmaning harbiylar harakati isyonchilarga qarshi qonuniy amaliyot boʻlganligi haqidagi vajlarini rad etdi.
Sudyalar xavfsizlik kuchlari minglab tinch aholini oʻldirgani, ommaviy zoʻrlash va boshqa jinsiy zoʻravonliklarni sodir etgani, bolalarga nisbatan oʻta shafqatsiz munosabatda boʻlgani va Bangladeshga qochayotgan odamlarga hujum qilganini aniqladi. Harbiylar erkaklar va oʻgʻil bolalarni ommaviy qatl etgan, rohinjalarning qishloqlarini yoqib, vayron qilgan. Sud bahosiga koʻra, dalillar ozchilik vakillaridan taxminan 10 ming nafari halok boʻlganini tasdiqlaydi.
Genotsidni tan olish uchun suddan Genotsid toʻgʻrisidagi konvensiya bilan himoyalangan guruhni toʻliq yoki qisman yoʻq qilish niyati boʻlganini isbotlash talab etilardi. Sudyalar Myanma xatti-harakatlari majmuining yagona oqilona izohi Rakxayn shimolidagi rohinjalarning salmoqli qismini yoʻq qilish niyati boʻlgan, degan xulosaga keldi. Shuningdek, ular harbiylar mazkur guruhga nisbatan nafrat uygʻotuvchi bayonotlar tarqatganini taʼkidladilar.
Tovon puli miqdori keyinroq belgilanadi. Yetkazilgan zararni qoplashdan tashqari, Myanma koʻchirilgan rohinjalarning oʻz yashash joylariga xavfsiz va munosib tarzda qaytishi hamda oilalari bilan birlashishi imkoniyatini taʼminlashi shart. 2017 yilgi harbiy amaliyotdan soʻng qoʻshni Bangladeshga kamida 700 ming kishi qochib oʻtgan.
👉 Rohinjalar — Myanmaning asosan musulmonlardan iborat etnik ozchiligi boʻlib, tarixan mamlakat gʻarbida, Bangladesh bilan chegaradosh Rakxayn shtatida istiqomat qiladi. Myanma aholisining koʻpchiligi buddizmga eʼtiqod qiladi. Rohinjalar bu mintaqada asrlar davomida yashab kelayotgan boʻlsa-da, rasmiylar ularni mamlakatning alohida etnik birligi sifatida tan olmaydi, 1982 yilgi fuqarolik toʻgʻrisidagi qonun esa ularning aksariyatini amalda fuqarolikdan mahrum qilgan. Taʼqiblar negizida diniy adovat va etnik kamsitish yotadi: rohinjalar begonalar, Bangladeshdan kelganlar sifatida koʻrsatiladi va ularning ushbu mamlakatga mansublik huquqi inkor etiladi. Bu shunchaki diniy nizo emas, balki ommaviy qirgʻinlar va quvgʻin kampaniyasi bilan avjiga chiqqan etnik guruhni koʻp yillik davlat miqyosida taʼqib qilishdir.
Qaror uzil-kesil boʻlib, shikoyat qilinishi mumkin emas, biroq sudning uning ijrosini talab qilish imkoniyatlari cheklangan. Sud muhokamasi davlatning javobgarligiga tegishli: BMT Xalqaro sudi davlatlar oʻrtasidagi nizolarni hal qiladi va alohida shaxslarga nisbatan jinoiy hukm chiqarmaydi.



