Tojikiston hududida yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmogʻi (EUT) tayanch ustunining qulashi sababli 19 noyabr kuni Oʻzbekistonning Fargʻona vodiysidagi bir necha tumanda elektr taʼminotida uzilishlar yuz berdi. Avariya Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasidan respublikaning sharqiy viloyatlariga elektr energiyasi yetkazib beruvchi magistralga daxl qildi, deb xabar beradi «Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari» kompaniyasi.
Favqulodda uzilish soat 06:19 da 500 kilovolt kuchlanishli L-503 tarmogʻida sodir boʻldi. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, murakkab relyefli uchastkada oʻrnatilgan tayanch ustunlaridan biri noqulay ob-havo sharoiti tufayli qulab tushgan. Shundan soʻng avtomatik himoya tizimi ishlab ketib, shikastlangan magistral orqali elektr energiyasi uzatishni toʻxtatgan.
Soat 08:14 ga kelib energetika xodimlari zaxira quvvatlari hisobidan barcha isteʼmolchilarning elektr taʼminotini tiklashga muvaffaq boʻldilar. Shu bilan birga, Energetika vazirligi EUTni taʼmirlash ishlari yakunlangunga qadar ehtimoliy vaqtinchalik cheklovlar haqida ogohlantirdi. Tiklash ishlari Tojikistondan kelgan mutaxassislar bilan hamkorlikda yoʻlga qoʻyilgan. Shikastlanishni toʻliq bartaraf etish muddatlariga aniqlik kiritilmagan.
Tojikiston hududidagi avariya Oʻzbekistonning energiya taʼminotiga taʼsir koʻrsatdi, chunki L-503 tarmogʻi Sirdaryo IESni Fargʻona vodiysining energetika obyektlari bilan bogʻlaydi, ammo uning yoʻnalishining bir qismi qoʻshni respublika orqali oʻtadi. Shu tariqa, gap Tojikiston elektr energiyasi importi haqida emas, balki Oʻzbekistonning bir qismidan ikkinchisiga Tojikiston hududi orqali elektr energiyasini uzatish haqida ketmoqda. Shu bilan birga, Fargʻona vodiysi elektr energiyasini boshqa yoʻnalishlardan ham oladi. Xususan, Toshkent viloyatidagi Yangi Angren IESdan L-524 tarmogʻi orqali taʼminlanadi.
Eʼtiborlisi, mazkur hodisadan atigi bir hafta oldin, 12 noyabr kuni «Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari»ning Fargʻona filiali mutaxassislari L-503 tarmogʻini, shu jumladan uning Tojikiston hududidagi qismini teplovizor orqali koʻrikdan oʻtkazgan edi. Bunday tekshiruv uskunalarning qizib ketishi va kontakt ulanmalaridagi nosozliklarni aniqlash imkonini beradi, ammo tayanch ustunlarining mustahkamligini baholash uchun moʻljallanmagan. Bundan tashqari, 2025 yilning oktabr oyida ushbu magistralning Tojikiston qismida tayanch ustunlarining mahkamlagichlari taʼmirlanib, eskirgan boltlar va metall detallar almashtirilgan edi. Ishlar 118–122-sonli tayanchlarni qamrab olgan. 19 noyabr kuni aynan qaysi tayanch qulagani va u muqaddam taʼmirlanganmi-yoʻqmi, nomaʼlum.
Markaziy Osiyo elektr tarmoqlarining hozirgi konfiguratsiyasi respublikalarning energetika tizimlari yagona tarmoqqa birlashtirilgan sovet davrida shakllangan. Yuqori kuchlanishli liniyalarning yoʻnalishlari kelajakdagi chegaralar hisobga olinmagan holda, jugʻrofiya va elektr stansiyalarining joylashuvidan kelib chiqib yotqizilgan. SSSR parchalangach, ayrim magistrallar bir nechta mustaqil davlatlar hududida qolib ketdi. Natijada bir mamlakatdagi tarmoqning shikastlanishi haligacha qoʻshni davlatda elektr uzilishlariga olib kelishi mumkin.



