Firibgarlar avvalroq BBC fosh etgan sxema boʻyicha Oʻzbekiston OAVlarini chuv tushirdi

Foto: Repost.uz

Oʻzbekistonning Repost.uz, Pressa.uz va Oblako.uz internet nashrlari ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarni oʻchirtirib, soʻngra mualliflik huquqi buzilgani boʻyicha shikoyatni qaytarib olish uchun pul talab qilayotgan tovlamachilarga duch keldi. Ayrim holatlarda tovlamachilarga pul oʻtkazib berilgan va shundan soʻng daʼvolar bekor qilingan, deya xabar bermoqda Repost.uz.

Gʻarazgoʻylar Instagram va Facebook’dagi mualliflik huquqlarini himoya qilish mexanizmlaridan foydalanmoqda. Ular oʻzlarini mualliflik huquqi egasi sifatida koʻrsatib, OAVlarning videolavhalari va boshqa postlari ustidan shikoyat yubormoqda. Ijtimoiy tarmoqlar bahsli materiallarni oʻchirishi va akkauntlar faoliyatini cheklashi mumkin. Ketma-ket kelib tushgan bir nechta shunday eʼtiroz koʻp ming sonli auditoriyaga ega sahifalarning butunlay bloklanishi xavfini yuzaga keltiradi.

Mualliflik huquqi buzilgani haqidagi bildirishnomalarda arizachilarning aloqa maʼlumotlari koʻrsatiladi. Tahririyat vakillari vaziyatni hal etishga uringanida, nomaʼlum shaxslar shikoyatni qaytarib olish evaziga pul talab qiladi. Jabrlangan OAVlarning maʼlumotlariga koʻra, mablagʻ oʻtkazilgach, ayrim daʼvolar sanoqli daqiqalarda qaytarib olingan. Shu bilan birga, nashrlar aynan kim firibgarlarga pul toʻlaganiga va gap qanday summalar haqida ketayotganiga aniqlik kiritmagan.

Baʼzi hollarda tovlamachilar ijtimoiy tarmoqlar xodimlari bilan aloqalari borligini taʼkidlab, alohida haq evaziga bloklangan sahifalarni tiklab berishni taklif qilmoqda. Biroq bunday aloqalar mavjudligiga oid hech qanday dalil yoʻq. Shuningdek, toʻlovdan soʻng kirish huquqining tiklanishi vositachilarning harakatlariga bogʻliqmi yoki shikoyatlarni koʻrib chiqishning odatiy tartibi bilan bir vaqtga toʻgʻri kelib qolganmi — bu ham aniqlanmagan.

Zarba ostida nafaqat yangiliklar, balki tahririyatlarning oʻzlari tayyorlagan yoki buyurtmachilar tomonidan taqdim etilgan reklama eʼlonlari ham qolmoqda. Ularning oʻchirilishi OAVlarga moliyaviy zarar va reklama beruvchilar oldidagi majburiyatlarning buzilishi bilan tahdid soladi. Jabrlangan nashrlar arizachilarning elektron manzillari, shikoyat matnlari va pul talablari bir-biriga oʻxshashligiga eʼtibor qaratdi. Bu uyushgan harakatlardan dalolat berishi mumkin, biroq alohida holatlar oʻrtasidagi bogʻliqlikni aniqlash hozircha imkonsiz boʻlib qolmoqda.

Deyarli bir xil boʻlgan tovlamachilik sxemasini 2026-yil 8-sentabrdayoq BBC fosh etgan edi. Jurnalistlar Instagram’dagi ommabop sahifalar egalari haqida soʻzlab berib, nomaʼlum shaxslar ularni mualliflik huquqi buzilgani haqidagi soxta shikoyatlar bilan bloklash bilan qoʻrqitganini bildirgan. Jabrlanganlardan biri, 1,5 million obunachiga ega sahifa egasi oʻz akkauntiga kirishni tiklash uchun firibgarlarga kriptovalyutada 50 dollar toʻlagan. Ammo koʻp oʻtmay yana hujumga uchragan.

BBC surishtiruv davomida materiallarning mualliflik huquqi egasi boʻlmasa-da shikoyat yuborgan uch nafar shaxs bilan gaplashishga muvaffaq boʻldi. Meta vakillari Britaniya korporatsiyasiga oʻchirilgan postlarni tiklaganliklarini va jabrlangan akkauntlarni himoya qilish boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻrganliklarini maʼlum qildi. Kiberxavfsizlik boʻyicha mutaxassislar bunday hujumlar qurbonlariga tovlamachilarga pul toʻlamaslikni tavsiya qildi, chunki bu shikoyatlar toʻxtashiga kafolat bermaydi va yangi talablarni keltirib chiqarishi mumkin.

Bundan tashqari, BBC surishtiruvi eʼlon qilinishidan avvalroq, 28-avgust kuni Ozarbayjonning sakkizta mustaqil OAVi shunga oʻxshash hodisalar boʻyicha birgalikda bayonot bergan edi. Uni Abzas Media, Meydan TV, Toplum TV, Qəzet.i, Mikroskop Media, Azadlıq Qəzeti, HamamTimes va Azərbaycan Saatı imzolagan. Oʻsha vaqtga kelib mualliflik huquqi buzilgani haqidagi shikoyatlardan soʻng bir nechta nashrning Instagram va Facebook sahifalari bloklab qoʻyilgan edi.

Ozarbayjonlik jurnalistlar kelib tushgan shikoyatlarni solishtirib, elektron manzillar, arizachilar haqidagi maʼlumotlar va shikoyat topshirish usullari bir xil ekanini aniqladilar. Tahririyatlar yuz berayotgan voqealarni mustaqil matbuotga qarshi muvofiqlashtirilgan bosim kampaniyasi deb baholadi. Ular birgalikda Meta’dan shikoyatlar kelib chiqishini tekshirishni, arizachilarni taftish qilishni va bloklangan akkauntlarni tiklashni talab qildi. Bundan tashqari, OAVlar matbuot erkinligi va raqamli huquqlarni himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlarga yordam soʻrab murojaat qildi. Ozarbayjon tahririyatlari oʻz bayonotida tovon puli talab qilingani haqida bildirmagan.

Shu tariqa, Oʻzbekiston OAVlariga uyushtirilgan hujumlar vaqtiga kelib, gʻarazgoʻylarning bunday harakat mexanizmlari xalqaro matbuotda batafsil yoritilgan edi. Shunga qaramay, Repost.uz, Pressa.uz va Oblako.uz nashrlarining xabarlarida na BBC surishtiruvi, na ozarbayjonlik hamkasblarning tajribasi tilga olingan.

Oʻzbekiston tahririyatlariga qilingan hujumlar BBC xabar bergan firibgarlarga yoki Ozarbayjon nashrlariga qarshi shikoyatlarga bogʻliqmi-yoʻqmi, nomaʼlum boʻlib qolmoqda.

  • Rossiyada haqiqiy qahramonlik ko‘rsatgan Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlar hikoyalari

  • Nima uchun Rossiyadagi data — markazlaridagi muammolar Qozog‘istondagi odatiy servislar faoliyatini izdan chiqarib yubordi va respublika bu vaziyatdan foydalana oladimi?

  • 1916 yilgi qo‘zg‘olondan Ukrainadagi urushga qadar

  • O‘nlab qozog‘istonliklar Rossiyaga ishlash uchun ketishgan, ammo u yerda urushga jalb etilgan