Nazarboyevning kuyovi Deutsche Bank’ning shubhali operatsiyalari bo‘yicha surishtiruvda qayd etildi

Timur Kulibayev. newslab.ru saytidan olingan surat

Inside Deutsche Bank xalqaro jurnalistik loyihasi Germaniyaning yirik moliyaviy konglomeratiga oid 15 million ichki hujjatlar sizib chiqishiga asoslangan ilk surishtiruvni e’lon qildi. Ular orasida qozog‘istonlik oligarx Timur Kulibayev ishtirokidagi bank operatsiyalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham bor.

Tranzaksiyalar yozuvlari, rahbariyatning elektron yozishmalari va boshqa maxfiy materiallarni o‘z ichiga olgan hujjatlarni jurnalistlarga Deutsche Bank ichidagi ikki manba taqdim etgan. Ma’lumotlar massivini o‘rganish uchun Barracuda Media xalqaro konsortsiumi tuzilgan. Qozog‘istonda surishtiruv materiallarini eksklyuziv ravishda Vlast.kz nashri e’lon qildi.

Surishtiruvchilarning ma’lumotlariga ko‘ra, Deutsche Bank nufuzli mijozlar manfaati yo‘lida o‘z komplayens qoidalaridan bir necha bor chekingan, pul yuvish va sanksiyalarni chetlab o‘tish alomatlariga ko‘z yumgan, shuningdek shubhali obro‘ga ega mijozlarga xizmat ko‘rsatishda davom etgan.

Xususan, surishtiruv mualliflari bank mijozlar shaxsini va ularning mablag‘lari kelib chiqishini tekshirishni nazarda tutuvchi KYC (Know Your Client — «mijozingni bil») tamoyiliga yetarlicha qat’iy rioya qilmaganini ta’kidlamoqda. Jurnalistlar axborotiga ko‘ra, hozirda Deutsche Bank’ni boshqarayotgan Kristian Zeving hali bank boshqaruvida ishlagan kezlarida bunday tekshiruvlar pul ishlashga xalaqit berishi haqida fikr bildirgan (kredit muassasasining o‘zi bu ma’lumotni rad etdi).

Hujjatlarga ko‘ra, 2019 yilda bank xodimlari Buyuk Britaniya, Gonkong, Ukraina va Kiprdagi hisobvaraqlar o‘rtasida yuzlab million yevro o‘tkazilgan tarmoqlangan tizimni aniqlagan. Holatlardan biridagi shubhali moliyaviy operatsiya, surishtiruvda aytilishicha, Qozog‘iston bilan bog‘liq bo‘lgan.

Surishtiruvning alohida qismi qozog‘istonlik tadbirkor Timur Kulibayevga — sobiq prezident Nursulton Nazarboyevning kuyovi va mamlakatning eng boy ishbilarmonlaridan biriga bag‘ishlangan.

Kulibayev kamida 2006 yildan buyon Deutsche Bank mijozi bo‘lgan. Surishtiruv mualliflarining ta’kidlashicha, bank bir necha yil davomida uning boyligi dastlabki manbasining qonuniyligi yuzasidan xavotir bildirib kelgan.

Xususan, 2013 yilda xavflarni ichki baholash natijasida biznesmen bilan bog‘liq bir qator korrupsiya ayblovlari aniqlangan. Biroq Kulibayev korrupsiyaviy jinoyatlarda aybdor deb topilmagani va Yevropada unga nisbatan tergovlar to‘xtatilgani sababli, Deutsche Bank u bilan hamkorlikni davom ettirgan.

Boshqa bir holat 2020 yil yanvar oyida Birlashgan Arab Amirliklaridan Kulibayevning hisobvarag‘iga 15 million dollar o‘tkazilgani bilan bog‘liq. Surishtiruv ma’lumotlariga ko‘ra, tadbirkor ushbu mablag‘larning kelib chiqishini tushuntirib bera olmagan, shundan so‘ng bank operatsiyani shubhali deb topib, uni bloklagan.

«Hujjatlar shuni ko‘rsatadiki, bir necha hafta o‘tgach, xodimlar Kulibayevning rafiqasi nomiga Deutsche Bank’ning Lyuksemburgdagi bo‘limida hisobvaraq ocha boshlagan. Faqat oradan bir necha oy o‘tgachgina bank uzoq muddatli munosabatlarni to‘xtatish ehtimolini muhokama qilgan», — deyiladi maqolada.

Kulibayevning o‘zi har qanday qonunbuzarlikni inkor etаdi. Biznesmen vakillarining bildirishicha, bank uning daromad manbalari haqidagi ma’lumotga ega bo‘lgan. Asosiy manba sifatida uning rafiqasi bilan birgalikda Almex investitsiya kompaniyasiga va uning Halyk Bank’dagi ulushiga egalik qilishi ko‘rsatilgan.

Advokatlar, shuningdek, Kulibayev jurnalistlar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar bo‘yicha 15 million dollarlik o‘tkazmani aniqlay olmaganini ma’lum qilishdi. Ular boylik manbalarini yashirish yoki Deutsche Bank’ga bila turib yolg‘on ma’lumot berish haqidagi taxminlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidladilar.

Bundan tashqari, biznesmen vakillari uning 2000 yillar o‘rtalarida bankda shaxsiy hisobvarag‘i bo‘lgani haqidagi da’voga e’tiroz bildirdilar. Ularning so‘zlariga ko‘ra, u bu hisobvaraqni ancha keyin ochgan, jurnalistlar esa shaxsiy va korporativ bank munosabatlarini aralashtirib yubormoqda.

Deutsche Bank’ning o‘zi amaldagi, sobiq yoki ehtimoliy mijozlar bilan aniq munosabatlarga izoh berishdan bosh tortdi. Surishtiruvchilarning savollariga bergan umumiy javobida bank tasvirlangan ko‘plab voqealar o‘tgan yillar va o‘n yilliklarga tegishli ekanini hamda so‘nggi yillarda nazorat va xavflarni boshqarish tizimini sezilarli darajada o‘zgartirganini ma’lum qildi.

Surishtiruvda, shuningdek, Deutsche Bank’ning mualliflar Kreml va Vladimir Putin bilan bog‘laydigan rossiyalik tadbirkorlar bilan munosabatlari ham batafsil ko‘rib chiqiladi. Ma’lumotlar sizib chiqishida bankning yana bir yirik mijozi — Donald Tramp ham tilga olinadi. Surishtiruvchilarning qayd etishicha, u 2016 yilda AQSH prezidenti saylovida g‘alaba qozonganidan so‘ng, amerikalik ishbilarmon va uning kompaniyalariga xizmat ko‘rsatish doirasida Novus Ordo («Yangi tartib») maxfiy nomli alohida loyiha yaratilgan. Tramp bilan bog‘liq hujjatlar alohida himoyaga olinib, shifrlangan.

Bu bank xodimining 2017 yilda xatolik tufayli begona odamga 1,5 mingdan ortiq mijozning, jumladan Trampning uchta hisobvarag‘i haqidagi moliyaviy ma’lumotlarga havola yuborishiga to‘sqinlik qilmadi. Surishtiruv ma’lumotlariga ko‘ra, bankda bu ma’lumot sizib chiqishi haqida AQSH prezidentiga xabar bermaslikka qaror qilingan. Menejerlardan biri bunday qarorni «ajoyib yakun» deb atagan.

Jurnalistlarda savollar tug‘dirgan Deutsche Bank’ning boshqa mijozlari qatorida quyidagilar qayd etilgan:

✅ Jeffri Epshteyn — voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy xususiyatdagi jinoyatlar uchun sudlangan amerikalik moliyachi;

✅ ko‘plab mamlakatlarda, jumladan Qozog‘istonda taqiqlangan «Al-Qoida» terrorchilik tashkiloti bilan aloqadorlikda gumon qilingan saudiyalik tadbirkor;

✅ Rifat al-Asad — harbiy jinoyatlarda ayblangan Suriyaning sobiq vitse-prezidenti;

✅ Jo Lou — Malayziyaning 1MDB davlat investitsiya fondi mablag‘larini o‘zlashtirishda gumonlanayotgan biznesmen.

Inside Deutsche Bank loyihasi ishtirokchilari yaqin haftalarda surishtiruvning yangi materiallarini e’lon qilishga va’da berishdi.