Mijozlari umra yoʻlida qolib ketgan Bishkek sayyohlik firmasi rahbari firibgarlikda ayblandi

Mirzat Koshoyeva. Bishkek shahar IIBB matbuot xizmati fotosi

Bishkekda ziyoratchilarni umraga (kichik haj) yuborish bilan shugʻullanuvchi «Nur Umra Trevel» sayyohlik kompaniyasi rahbari Mirzat Koshoyeva qoʻlga olindi. Tadbirkorga nisbatan firibgarlik moddasi boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi, deb xabar beradi «AKIpress» Qirgʻiziston poytaxti Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmatiga tayanib.

Militsiya xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tekshiruv turoperatorning mijozlari boʻlgan qirgʻizistonliklar Toshkent xalqaro aeroportida ogʻir ahvolda qolib ketganini koʻrsatdi. Eslatib oʻtamiz, ular bir haftadan beri umra amalini ado etish uchun Oʻzbekiston poytaxtidan Saudiya Arabistoniga uchib keta olmayapti.

Tergovning dastlabki maʼlumotlariga koʻra, Bishkek sayyohlik firmasi safarni qoʻshni davlat orqali tashkil etgan, biroq ziyoratchilarni «Umra» ilovasida roʻyxatdan oʻtkazmagan. Shuningdek, islom muqaddas qadamjolari yoʻlida qolib ketgan qirgʻizistonliklar «Nur Umra Trevel» rahbari safarni davom ettirish uchun har bir mijozdan qoʻshimcha 100 dollardan talab qilganini bildirganlar (bungacha 400 dollar miqdoridagi summa aytilgan edi — «Fargʻona» izohi).

IIBBning qoʻshimcha qilishicha, bundan oldin respublika Musulmonlari diniy boshqarmasi (MDB) ushbu kompaniyaga nisbatan ziyorat safarlarini tashkil etishdagi qoidabuzarliklar boʻyicha ikkita dalolatnoma tuzgan.

Koshoyevaga nisbatan Qirgʻiziston Jinoyat kodeksining 209-moddasi («Firibgarlik») bilan ish qoʻzgʻatildi. Tadbirkor ayol vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirildi.

Turagentlikka aloqador manzillarda tintuv oʻtkazildi: ishonchnomalar, fuqarolarning hujjatlari, pul oʻtkazmalari kvitansiyalari va boshqa materiallar musodara qilindi. Hozirda tergov hodisaning barcha tafsilotlarini, jabrlanganlar doirasi va yetkazilgan zarar miqdorini aniqlamoqda.

Poytaxt huquq-tartibot idoralari xodimlari ziyorat yoʻllanmalarini sotib olayotganda fuqarolarga kompaniyaning faoliyat yuritish uchun ruxsatnomasi borligini tekshirishni, rasmiy shartnomalar tuzishni va toʻlov hujjatlarini saqlashni tavsiya qildi.

Eʼtiborli jihati shundaki, 18 noyabr kuni ertalab MDB Toshkentda qolib ketgan fuqarolarni vatanga qaytarish masalasida shoshilinch yigʻilish oʻtkazilgani haqida xabar bergan edi. Uchrashuvda «Nur Umra Trevel» rahbari ham ishtirok etgan. Bundan tashqari, Koshoyevaga musulmonlar diniy boshqarmasi vakillari bilan birgalikda muammoni joyida hal etish uchun Oʻzbekiston poytaxtiga borish topshirilgan edi.

Muftiyat yuzaga kelgan vaziyatni inobatga olgan holda, odamlarga umra safariga qoʻshni davlatlar orqali tranzit bilan emas, balki Bishkek va Oʻshdan toʻgʻridan-toʻgʻri aviareyslar orqali uchishni tavsiya qildi.

Bir necha kun oldin ziyoratga otlangan 104 nafar Qirgʻiziston fuqarosi Toshkentda qolib ketgani, ular 12 noyabrdan beri Saudiya Arabistoniga ucha olmayotgani maʼlum boʻlgandi. Shu bilan birga, safarni tashkil etgan turoperator mijozlardan safarni davom ettirish uchun qoʻshimcha haq talab qilayotganiga oydinlik kiritilgandi.