Sud korrupsiya ishi boʻyicha «Samruk-Kazina» va «Qozogʻiston temir yoʻllari» rahbarlarini qamoqqa oldi

Nurlan Jakupov va Yeljas Otinshiyev Foto: sk.kz

«Samruk-Kazina» jamgʻarmasi boshqaruvi raisi Nurlan Jakupov hamda «Qozogʻiston temir yoʻllari» (QTY) rahbari Yeljas Otinshiyev korrupsiya jinoyatini sodir etganlikda gumonlanib hibsga olindi. Bu haqda Tengrinews.kz soʻroviga javoban Milliy xavfsizlik qoʻmitasi (MXQ) maʼlum qildi.

Idora maʼlumotlariga koʻra, har ikki rahbar ham 12 noyabr kuni vaqtincha saqlash izolyatoriga joylashtirilgan. Oradan ikki kun oʻtib, tergov sudi ularni qamoqqa olishga sanksiya berdi.

Mahkama Qozogʻiston Jinoyat-protsessual kodeksining sudgacha tergov maʼlumotlarini oshkor qilishni cheklovchi 201-moddasiga tayangan holda ishning boshqa tafsilotlarini ochiqlamadi.

Jakupov va Otinshiyevning MXQ tomonidan ushlangani haqida oʻtgan haftada maʼlum boʻlgan edi. Oʻshanda idora Korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati tomonidan boshqa shaxslar ham qoʻlga olinganini (aynan kimlar ekani aniqlashtirilmagan) bildirgandi.

Otinshiyev QTYga toʻrt oydan kamroq vaqt oldin rahbar boʻlgan — u ushbu lavozimga 2026 yilning iyul oyida tayinlangandi. Nurlan Jakupov esa «Samruk-Kazina» jamgʻarmasini 2023 yilning aprelidan buyon boshqarib kelayotgan edi.

Hibsgа olishlar fonida ijtimoiy tarmoqlarda Ostonadagi Qoʻnayev koʻchasida joylashgan turar joy majmuasi yaqinida sochilgan dollar bogʻlamlari aks etgan videolar tarqaldi. Nashrlarda bu pullar «Samruk-Kazina» va QTY rahbarlariga nisbatan tergovga bogʻliq boʻlishi mumkinligi taʼkidlandi. Shuningdek, tintuv paytida naqd pul solingan sumka va chamadonlarni qoʻlga olinganlardan birining turmush oʻrtogʻi derazadan uloqtirgani haqidagi taxmin ham paydo boʻldi. Biroq bu maʼlumot ham, topilgan pullarning tergov bilan bogʻliqligi ham rasman tasdiqlanmagan.

13 noyabr kuni prezident Qasim-Jomart To‘qayev Xavfsizlik kengashining tezkor yigʻilishini oʻtkazib, unda Jakupov va Otinshiyevning hibsga olinishiga munosabat bildirdi. U yuz bergan hodisani davlat kompaniyalaridagi korrupsiya koʻlamini koʻrsatuvchi jiddiy signal deb atadi.

Respublika rahbari turli darajadagi rahbarlar orasidagi ehtimoliy korrupsion huquqbuzarliklar haqidagi xabarlarni tezkorlik bilan va sinchkovlik bilan tekshirish zarurligini taʼkidladi. Prezident, shuningdek, hukumat va nazorat organlariga 24 noyabrgacha korrupsiyaviy jinoyatlar sonini kamaytirish boʻyicha aniq takliflar tayyorlashni topshirdi.

Keyinroq prezidentning maslahatchisi — matbuot kotibi Aybek Smadiyarov To‘qayev boshidanoq tergovdan xabardor boʻlganini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, davlat rahbarining korrupsiyaga qarshi kurashdagi pozitsiyasi «oʻzgarmas va qatʼiy» boʻlib qoladi.