Eronda YTHda halok bo‘lganlarga bag‘ishlangan miting hukumatga qarshi norozilik namoyishiga aylanib ketdi

Foto: Reuters

Eron g‘arbidagi Ilom viloyatida joylashgan Obdonon shahrida yo‘l-transport hodisasida halok bo‘lgan mahalliy neftchilarga bag‘ishlangan norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Aksiya ishtirokchilari YTH aybdorlari hamda malakasiz amaldorlarni jazolashni talab qilishdi, biroq keyinroq olomon hukumatga qarshi shiorlarni hayqira boshladi, deb xabar bermoqda Euronews Islom Respublikasi ommaviy axborot vositalariga tayanib.

Seshanba kuni shaharning bosh maydoniga 200–300 kishi to‘plangan, keyinchalik namoyishchilar soni ming nafarga yetgan. Dastlab Obdonon aholisi 13 nafar neft sohasi xodimining hayotiga zomin bo‘lgan YTH aybdorlari bilan masalani hal qilishni talab qilgan. Ular mahalliy hokimiyatga qarata: «Motam! Motam!» va «Iste’fo talab qilamiz!» deya hayqirishgan.

Ammo keyinroq, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga (IIQK) yaqin bo‘lgan Fars nashrining yozishicha, namoyish «siyosiy tus» olgan.

Euronews ijtimoiy tarmoqlarga sizib chiqqan kam sonli videoyozuvlarga tayangan holda, aksiya ishtirokchilari oliy rahnamo Mujtabo Xomanaiyga ishora qilib «Diktatorga o‘lim!», «Islom respublikasi, qog‘oz rahbaring qani?» va boshqa hukumatga qarshi shiorlarni hayqirganini xabar qildi.

Shuningdek, olomon «Yashasin shoh!» deb hayqirib, Eronda monarxiyani qayta tiklashga chaqirgan. Biroq Euronews ta’kidlashicha, videoroliklarga montaj paytida ovoz qo‘shilgan yoki o‘zgartirilgan bo‘lishi mumkinligi sababli, ushbu hayqiriqlarning haqiqiyligini mustaqil ravishda tasdiqlash imkonsiz.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, norozilik joyiga politsiya yetib kelgan va osmonga qarata ogohlantiruvchi o‘q uzish hamda ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz yordamida namoyishchilarni tarqatib yuborgan. Shu bilan birga, internetda halok bo‘lgan neftchilarning yaqinlari avariya sabablarini aniqlash va aybdorlarni jazolashga chaqirgan hamda Obdonon aholisidan norozilik aksiyalaridan tiyilishni so‘ragan videomurojaatlari paydo bo‘ldi. Mahalliy rasmiylar ham shaharliklarni ko‘chaga chiqmaslikka va jamoat tartibini buzmaslikka chaqirdi.

Obdonon — aholisi 20 mingdan sal ko‘proq bo‘lgan shahar. 14 noyabr kuni mazkur aholi punkti yaqinida ishchilarni olib ketayotgan NGL Dehloran neft kompaniyasi avtobusi ag‘darilib ketishi oqibatida YTH sodir bo‘lgandi.

Keyinroq Ilom viloyati politsiyasi vakillari tergov talqiniga ko‘ra, avariya haydovchining beparvoligi, transport egasi bo‘lgan kompaniya tomonidan avtobus ijarasi shartlarining buzilishi, shuningdek, munitsipalitetning yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlay olmagani sababli yuz berganini e’lon qildi. Natijada neft kompaniyasi bosh direktori va Ilom viloyati yo‘l ma’muriyati rahbariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.