Qirg‘izistonda MXDQning Bishkek bo‘yicha sobiq rahbari Jaqipbekovga oid jinoyat ishi maxfiylashtirildi

Eldar Jaqipbekov. AKIpress saytidan olingan surat

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining (MXDQ) Bishkek shahri bo‘yicha Bosh boshqarmasining korrupsiyada ayblanayotgan sobiq boshlig‘i Eldar Jaqipbekovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi poytaxtning Pervomayskiy tuman sudiga kelib tushdi. Materiallarga «maxfiy» grifi berilgani sababli sud jarayoni yopiq tartibda o‘tadi, deb sud vakillariga tayangan holda xabar bermoqda Kaktus.media.

Hujjatlar Harbiy prokuraturadan o‘tgan haftada kelib tushgan. Sud jarayoni boshlanish sanasi hozircha ma'lum qilinmagan. Shuningdek, aynan qaysi ma'lumotlar sabab ish maxfiylashtirilganiga ham aniqlik kiritilmagan.

Qirg‘iziston Jinoyat-protsessual kodeksining 291-moddasiga muvofiq, yopiq sud muhokamasiga, jumladan, davlat sirini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirlarni oshkor etishning oldini olish maqsadida yo‘l qo‘yiladi. Bunda qonunchilik butun jarayonni ham, alohida majlislarni ham yopiq eshiklar ortida o‘tkazishga imkon beradi. Jaqipbekov ishida esa, sud xabaridan ma'lum bo‘lishicha, sud muhokamasi to‘liq maxfiylashtiriladi.

Shu tariqa, jamoatchilik ishning ko‘rib chiqilishini kuzatish, maxsus xizmatning sobiq yuqori martabali xodimiga qarshi qanday dalillar to‘planganini, ehtimoliy korrupsion sxemada yana kimlar ishtirok etganini hamda unda qaysi miqdordagi mablag‘lar tilga olinganini bilish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi. Hatto qonunga ko‘ra rasmiylar tomonidan e'lon qilinishi shart bo‘lgan hukm ham aniqlangan holatlarning batafsil bayonisiz, faqat sud qarori aks etgan qismidagina o‘qib eshittirilishi mumkin.

Jaqipbekov MXDQ poytaxt boshqarmasi rahbari lavozimidan ozod etilganidan ko‘p o‘tmay, 2026 yil 15 fevralda qo‘lga olingandi. Bu voqea maxsus xizmat raisi Qamchibek Tashiyevning iste'fosidan bir necha kun o‘tib yuz berdi. Boshqarmaning sobiq boshlig‘iga Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 336-moddasi 1-qismi («Korrupsiya») bo‘yicha ayblov e'lon qilinib, u qamoqqa olindi.

Tergov talqiniga ko‘ra, Jaqipbekov tarkibiga MXDQ xodimlari va fuqarolar kirgan barqaror korrupsion guruh tuzgan. Ular o‘z xizmat vakolatlaridan shaxsiy boylik orttirish maqsadida foydalangani taxmin qilinmoqda. Tergov doirasida dastlab yana besh kishi qo‘lga olingan edi. Xizmat tekshiruvi natijalariga ko‘ra idoraning olti nafar xodimi ishdan bo‘shatilgan, yana olti nafari vazifasidan chetlatilgan, sakkiz nafariga intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan. Keyingi oylarda ish bo‘yicha xavfsizlik va huquqni muhofaza qilish idoralarining boshqa amaldagi va sobiq xodimlari ham ushlangan.

Jaqipbekovning ismi avvalroq «Ayu» yirik xoldingi asoschisi, tadbirkor Sharshenbek Abdikerimovning ayblovlarida ham tilga olingan edi. «Farg‘ona» batafsil yozganidek, tadbirkor MXDQ poytaxt boshqarmasining sobiq boshlig‘i Tashiyevning ko‘rsatmasi bilan o‘z korxonalariga tazyiq o‘tkazganini ta'kidlagan.

Abdikerimovning so‘zlariga ko‘ra, 2023 yili maxsus xizmat rahbarining xonasida kechgan muzokaralar chog‘ida kompaniya vakillari davlatga 20 million dollarlik aktivlarni topshirishga rozi bo‘lgan, biroq Tashiyev summani 30 million dollarga yetkazishni talab qilgan. Tadbirkor mazkur talabni bajara olmaganidan so‘ng xolding rahbarlari va xodimlarini hibsga olish boshlangan. Keyinchalik «Ayu» mulkining katta qismi davlat tasarrufiga o‘tkazilgan. Hukumat aktivlarning olib qo‘yilishini qonunbuzarliklar bilan izohlagan bo‘lsa, Abdikerimov sodir bo‘lgan voqeani biznesni majburan tortib olish deb atagan.

2026 yil fevralida Tashiyev iste'foga chiqqach, Qirg‘izistonda MXDQ xodimlarining faoliyatini tekshirish boshlandi. Mart oyiga kelib Bosh prokuratura maxsus xizmat vakillariga nisbatan fuqarolardan 386 ta ariza kelib tushganini xabar qildi. Arizachilar orasida kuch tuzilmalari xodimlarining tazyiqi ostida korxona va mulklaridan ayrilganini ta'kidlagan tadbirkorlar ham bor edi.

Abdikerimov bayon qilgan holatlar Jaqipbekovning jinoyat ishiga kiritilgan-kiritilmagani hozircha noma'lum. Sud yopiq tarzda o‘tkazilishi sababli buni ochiq majlislar orqali bilishning imkoni bo‘lmaydi.

  • Rossiyada haqiqiy qahramonlik ko‘rsatgan Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlar hikoyalari

  • Nima uchun Rossiyadagi data — markazlaridagi muammolar Qozog‘istondagi odatiy servislar faoliyatini izdan chiqarib yubordi va respublika bu vaziyatdan foydalana oladimi?

  • 111 ta ekologik tashkilot Jahon bankidan nimani talab qilmoqda va buning Tojikistonga qanday aloqasi borligi haqida

  • 1916 yilgi qo‘zg‘olondan Ukrainadagi urushga qadar