Yurist Ukrainadagi urushga yuborilgan qozogʻistonlikning halok boʻlganini maʼlum qildi

Meyrman Shekeyev. ulysmedia.kz saytidan olingan surat

Rossiya armiyasiga aldov yoʻli bilan yollanib, Ukrainaga urushga yuborilgani taxmin qilinayotgan qozogʻistonliklardan biri halok boʻldi. Bu haqda Ulysmedia.kz nashriga yurist Meyrman Shekeyev maʼlum qildi.

Intervyu Qozogʻiston Tashqi ishlar vazirligining Ostonadagi binosi oldida boʻlib oʻtdi. Shekeyev u yerga oʻgʻillari frontga tushib qolgan bir guruh onalar bilan birga takroran kelgan.

Yuristning soʻzlariga koʻra, marhumning ismi Baqitbek boʻlgan. Yigit 25 yoshda edi, u Atirau viloyatida tugʻilgan. Uning yaqinlari ikki oydan ortiq vaqtdan beri jasadini vatanga qaytarishga urinmoqda.

«Uning halok bo‘lgani haqida menga Rossiya Federatsiyasi harbiy qismidan xabar berishdi. Dastlab uning ota-onasi bilan bogʻlanishgan. Keyin esa men bu masala bilan faol shugʻullanayotganim sababli, men bilan ham aloqaga chiqishdi. Dmitriy ismli yosh yigit bor. Men u soʻragan barcha hujjatlarni taqdim etdim. Hozir marhumning jasadini olib ketish juda mushkul boʻlib turibdi. U harbiy harakatlar hududidagi jangovar pozitsiyada ekani aytilmoqda. U yerga borib, jasadni olib kelishga hech kim jurʼat qilolmayapti. Jasad hali ham oʻsha yerda qolmoqda. Oradan ikki oydan ortiq vaqt oʻtdi», — dedi yurist.

Shekeyev oʻzi manfaatlarini himoya qilayotgan qozogʻistonliklar (jami 20 dan ortiq kishi — tahr. izohi) aslida Rossiya Federatsiyasiga pul ishlab topish maqsadida ketishganini eslatib oʻtdi. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, ularni aldab, Rossiya armiyasi bilan kontrakt imzolashga majbur qilishgan.

Ulysmedia.kz muxbiri Qozogʻiston TIVga mamlakat fuqarosining halok boʻlgani toʻgʻrisidagi maʼlumotni tasdiqlash yoki rad etish iltimosi bilan murojaat qilgan. Vazirlik matbuot xizmati izoh berishdan bosh tortgan.

Urushga tushib qolgan bir guruh qozogʻistonliklar haqida oktyabr oyi boshida maʼlum boʻlgan edi. Yigitlar bir nechta videomurojaat yozib qoldirishgan.

Ular Rossiyaga qoʻriqlash agentliklari, goʻsht kombinatlari va parrandachilik fabrikalarida ishlash uchun kelganliklarini taʼkidlashgan edi. Biroq oddiy mehnat shartnomalari oʻrniga ularga Qurolli kuchlarda xizmat qilish boʻyicha shartnomalarni imzolash taklif qilingan.

7 oktyabr kuni ularning oila aʼzolari yaqinlarini tezroq uyga qaytarishni soʻrab, Ostonadagi Qozogʻiston TIV binosi oldiga kelishgandi

Vazirlik esa oʻz navbatida, Rossiya tomoni bilan muzokaralar olib borayotganini va vatanga qaytarilishi kerak boʻlgan fuqarolar roʻyxatini shakllantirayotganini maʼlum qildi. Oktyabr oyi oʻrtalarida ularning toʻqqiz nafari jangovar harakatlar hududidan olib chiqildi.

Mavzu yuzasidan batafsil «Fargʻona» materialida oʻqing: «Vaziyat juda nozik» — oʻnlab qozogʻistonliklar Rossiyaga ishlash uchun ketishgan, ammo u yerda urushga jalb etilgan.