Toshkent shahar sudi sobiq rais oʻrinbosari hukmni yumshatgani uchun 4 yilga qamaldi

uznews.uz saytidan olingan surat

Toshkent viloyati sudi poytaxt shahar sudining sobiq rais oʻrinbosari M.M.ni toʻrt yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi. Ayblanuvchi xizmat mavqeyidan foydalanib, qoʻl ostidagi sudyalarga bosim oʻtkazganlikda va buning oqibatida apellatsiya instansiyasi jinoyatchini qamoqdan ozod etib, notoʻgʻri qaror chiqarganlikda ayblangan edi. Sudyalarga nisbatan ochilgan jarayon yakunlangani haqida Toshkent viloyati sudlarining matbuot xizmati xabar berdi.

Hukm 13 noyabr kuni eʼlon qilindi. Matbuot xizmati xabarida sudlanuvchilarning faqat bosh harflari keltirilgan, biroq OAV apellatsiya bilan bogʻliq mojaroga qadar Toshkent shahar sudi raisi oʻrinbosari lavozimida Murodjon Mirzajonov ishlaganini yozgan edi.

Hukmga binoan, M.M. Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining 207-moddasi 1-qismi («Mansabga sovuqqonlik bilan qarash») va 236-moddasi 2-qismi («Sud ishlarini hal etishga aralashish») bilan aybdor deb topildi. Biroq, birinchi band boʻyicha javobgarlikka tortish muddati oʻtgani sababli unga jazo tayinlanmadi.

Yakunda sudning sobiq xodimi uch yil muddatga sud tizimida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda toʻrt yillik qamoq jazosini oldi.

Apellatsiya shikoyatini bevosita koʻrib chiqib, jinoyatchining jazosini yengillatgan uch nafar sobiq sudya — Odilbek Ilhomjonov, Mirziyod Abidov va Muhtarama Turgʻunova (ularning ismlari ham ilgari ochiq manbalarda tilga olingandi) ham aybdor deb topildi, ammo faqat JKning 231-moddasi 1-qismi («Adolatsiz hukm chiqarish») boʻyicha. Ularning har biriga toʻrt yildan ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Shuningdek, ularga uch yil davomida sud tizimida ishlash taqiqlandi.

Mazkur vaziyat Boris Avakyanni shafqatsizlarcha kaltaklab, ogʻir tan jarohati yetkazgan va uning komaga tushishiga sababchi boʻlganlikda ayblangan Akmal Shukurovga nisbatan ochilgan ish atrofida sodir boʻldi. Shukurov esa mamlakatdan chiqib ketgan, biroq koʻp oʻtmay Qozogʻistonda qoʻlga olinib, vataniga ekstraditsiya qilingan edi.

Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tuman sudi oʻtgan yilning oktabr oyida bezoriga sakkiz yilu bir oy muddatga koloniya jazosini tayinlagandi. Ammo dekabr oyining birinchi oʻn kunligida apellatsiya instansiyasi ayblanuvchiga nisbatan maʼnaviy va moddiy eʼtirozi yoʻqligini bildirgan jabrlanuvchilarning pozitsiyasiga tayanib, hukmni yumshatgan va haqiqiy qamoq muddatini toʻrt yilu bir oylik ozodlikni cheklash jazosiga almashtirgan hamda u sud zalidan toʻgʻridan-toʻgʻri uyiga qoʻyib yuborilgan.

Poytaxt prokuraturasi ushbu qarorga eʼtiroz bildirgan. 18 dekabr kuni shahar sudining nazorat hayʼati apellatsiya qarorini bekor qilgan va jazolarni qisman qoʻshish hisobiga Shukurovni yana olti yilga panjara ortiga qaytargan. Oʻshanda oʻzbekistonlikning qamoqda oʻtirishiga besh yildan sal koʻproq vaqt qolganiga aniqlik kiritilgan edi.

Mojaro manzarasida apellatsiyani koʻrib chiqqan sudyalarning vakolatlari tugatilgan.

Ayblov hukmining bekor qilinishi keng jamoatchilik rezonansiga sabab boʻlgandi. Toshkent huquq-tartibot idoralari shahar sudi raisi oʻrinbosari Mirzajonov xizmat mavqeyidan foydalanib, sud ishiga aralashganini va sudyalarga taʼsir koʻrsatganini aniqlagan. Shu sababli hayʼat, nazorat organi taʼkidlaganidek, noqonuniy qaror chiqarib, jinoyatchini ozod qilgan.

Toshkent shahar sudining barcha sobiq xodimlari qamoqqa oliufyi va ularga nisbatan tegishli jinoyat ishi qoʻzgʻatilgandi.