Qozogʻiston prezidenti Qasim-Jomart Toʻqayev Milliy xavfsizlik qoʻmitasi (MXQ) raisi Yermek Sagʻimboyevni lavozimidan ozod etish toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi. Idoraning yangi rahbari etib ilgari MXQ raisi oʻrinbosari boʻlgan Marat Irmenov tayinlandi, deb xabar berdi Qozogʻiston rahbarining matbuot xizmati.
Qarorning sabablari haqida maʼlumot berilmagan. Shu bilan birga, Toʻqayev bundan bor-yoʻgʻi uch kun oldin — 13 noyabr kuni Yermek Sagʻimboyevning yil boshidan buyon MXQ faoliyati natijalari, jumladan, korrupsiyaga qarshi kurash hamda kiber va axborot xavfsizligini taʼminlash masalalari boʻyicha hisobotini tinglagan edi. Davlat rahbari mulozimga «milliy xavfsizlik organlari faoliyatining yoʻnalishlari» boʻyicha bir qator topshiriqlar bergan, deb xabar qilgan edi oʻshanda Oqoʻrda.
Sagʻimboyev MXQni 2022 yil 6 yanvardan buyon boshqarib kelayotgan edi — u mazkur lavozimga yanvar voqealari paytida tayinlangan. U keyinchalik davlatga xiyonatda ayblanib sudlangan Karim Masimovning oʻrnini egallagan edi. Sagʻimboyev bunga qadar Prezident qoʻriqlash xizmati va Davlat qoʻriqlash xizmatiga rahbarlik qilgan.
Uning Milliy xavfsizlik qoʻmitasi rahbari lavozimidagi vorisi Marat Irmenov uchta oliy maʼlumotga ega. U 1993 yilda Gʻarbiy Qozogʻiston qishloq xoʻjaligi institutini, 1996 yilda Qozogʻiston Respublikasi MXQ institutini, 2000 yilda esa Xalqaro huquq va bozor akademiyasini tamomlagan. Milliy xavfsizlik organlaridagi xizmatini 1996 yilda boshlagan. 2000 yilgacha tezkor lavozimlarda ishlagan, keyin esa 25 yil mobaynida rahbarlik kursilarida faoliyat yuritgan.
Yanvar voqealaridan soʻng u MXQning Olmaota boʻyicha departamentiga boshchilik qilgan, 2025 yilning oktyabrida esa qoʻmita raisining oʻrinbosariga aylangan.
Irmenovga milliy xavfsizlik general-mayori maxsus unvoni berilgan. U II darajali «Danq» ordeni, davlat, idoraviy hamda yubiley medallari bilan taqdirlangan, shuningdek, MXQning faxriy xodimi unvoniga ega.
Eslatib oʻtamiz, qoʻmita rahbariyatining almashishi «Samruk-Qazina» jamgʻarmasi va «Qazaqstan temir joli» milliy kompaniyasi rahbarlarining shov-shuvli tarzda qoʻlga olinishi ortidan sodir boʻldi. Oʻtgan hafta oxirida ushbu top-menejerlar korrupsion jinoyatda gumonlanib, tergov izolyatoriga joʻnatilgan edi. Hozircha tergov tafsilotlari mavjud emas.



