Qirgʻizistonlik amaldorlarga qoʻshimcha daromad topishga ruxsat berildi

Qirgʻizistonlik amaldorlarga rasmiy maoshdan tashqari qoʻshimcha daromad olishga ruxsat berildi. Gap ekspertlik yoki boshqa sohalardagi haq toʻlanadigan faoliyat haqida bormoqda. Davlat va munitsipal xizmatchilar ishini tartibga soluvchi farmonga tegishli tuzatishlarni respublika prezidenti Sadir Japarov imzoladi, deya xabar beradi 24.kg.

Qonunchilikka kiritilgan oʻzgartirishlarga binoan, amaldorlarga tegishli kasbiy sohada qoʻshimcha haq evaziga taʼlim, ilmiy, ekspertlik va boshqa ijodiy faoliyat bilan shugʻullanishga ijozat beriladi.

Shu bilan birga, davlat xizmatchilari faqat muayyan shartlarga rioya qilgan holdagina chetdan daromad topishlari mumkin. Ulardan eng muhimi — amaldorni lavozimga tayinlagan rahbarning roziligidir. Ikkinchi ish asosiy xizmat vazifalarining sifati va hajmiga taʼsir koʻrsatmasligi, shuningdek, manfaatlar toʻqnashuvini keltirib chiqarmasligi shart.

Prezident farmonidagi alohida bandda xizmatchilarning turli birlashmalar tarkibida jamoat uchun foydali faoliyat bilan shugʻullanish huquqi mustahkamlangan. Bu oʻrinda sogʻliqni saqlash, taʼlim, xayriya va volontyorlik kabi yoʻnalishlarga mansub tashkilotlar nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, tuzatishlar taʼtil tizimiga ham taalluqli boʻldi. Endilikda amaldorni xodimning oʻz roziligisiz qonuniy hordiqdan muddatidan oldin chaqirib olish taqiqlanadi. Taʼtilda boʻlgan idora vakili oʻz roziligini telefon orqali yoki raqamli vositalar yordamida tasdiqlashi kerakligi qayd etilgan.

Shu bilan birga, amaldorlarning notijorat tashkilotlar, jumladan vasiylik va kuzatuv kengashlarining rahbarlik organlarida ishtirok etishiga cheklovlar belgilanmoqda. Qonunchilik va xalqaro shartnomalarda koʻzda tutilgan holatlar, shuningdek, davlat rahbari yoki hukumat raisi — Prezident administratsiyasi rahbarining qaroriga muvofiq holatlar bundan mustasno.