Yangi Toshkent hududida qiymati 50 million dollardan yuqori boʻlgan shaharsozlik loyihalarini amalga oshirayotgan investorlar uchun bir qator soliq imtiyozlari va preferensiyalar joriy etildi. Ushbu yangiliklar Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 10 noyabrdagi farmonida belgilab qoʻyilgan, deb xabar berdi respublika Adliya vazirligining Telegram-kanali.
Hujjatga koʻra, soliq yengilliklari «davlat — investitsiyaviy hamkor» tamoyili asosidagi maxsus huquqiy rejim doirasida taqdim etilmoqda. Xususan, yirik qurilish loyihalarini amalga oshiruvchi kompaniyalarga foyda soligʻini 1 foizlik stavkada toʻlash imkoniyati beriladi. Biroq bu holatda faqat Yangi Toshkentda qurilgan binoni ijaraga berish yoki sotishdan olingan daromadlar hisobga olinadi.
Bunda imtiyozlarning amal qilish muddati investitsiya hajmiga bevosita bogʻliq. Xususan, kamida 50 million dollar sarmoya kiritilganda 5 yil, 100 million dollardan ortiq investitsiyalarda 10 yil, 500 million dollardan yuqori boʻlganda esa 15 yilgacha preferensiyalardan foydalanish mumkin.
Bundan tashqari, loyiha qiymati boʻyicha minimal talablarga javob beradigan tadbirkorlar 20 yil muddatga yer soligʻi va mol-mulk soligʻini toʻlashdan ozod etiladi.
Farmonda qayd etilishicha, bosh pudratchi va bosh loyiha tashkiloti tomonidan Oʻzbekistonda faoliyat yuritmaydigan xorijiy tadbirkorlar hamda yuridik shaxslardan sotib olinadigan xizmatlar qoʻshilgan qiymat soligʻidan (QQS) ozod qilinadi.
2040 yil 1 yanvarga qadar investorlarning shaharsozlik loyihalaridan oladigan dividend koʻrinishidagi daromadlariga hech qanday fiskal yigʻimlar solinmaydi. Biroq bu mablagʻlar kompaniyalar tomonidan Oʻzbekistonda amalga oshiriladigan tashabbuslarga qayta sarmoya sifatida yoʻnaltirilishi shart.
Shu bilan birga, Yangi Toshkent va Samarqanddagi «Shirin» massivini oʻz ichiga olgan maxsus hududlarda qurilish sohasidagi keng koʻlamli investitsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha «tartibga solish qumdoni» huquqiy rejimi joriy etilmoqda.
Maxsus hududlarda qurilish ishlarini boshqaruvchi direksiyalarga qoʻshimcha vakolatlar, jumladan quyidagilar berildi:
👉 hududlarni rivojlantirishni rejalashtirish hujjatlariga oid talablarni tasdiqlash;
👉 investitsiya dasturlari doirasida yer uchastkalarida qad rostlaydigan obyektlarga qoʻyiladigan asosiy talablarni belgilash;
👉 har bir loyiha boʻyicha texnik shartlarni shakllantirish.
Prezident farmonining asosiy maqsadlari Oʻzbekistonning investitsiyaviy jozibadorligi va sayyohlik salohiyatini oshirishga xizmat qiluvchi, qiymati 50 million dollardan yuqori boʻlgan shaharsozlik loyihalarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, tegishli tashabbuslarni hayotga tatbiq etishdagi maʼmuriy toʻsiqlar va byurokratiyani butunlay bartaraf etishdan iborat.



