Huquq himoyachilari: soʻnggi toʻrt yilda Togʻli Badaxshondan 50 mingdan ziyod kishi koʻchib ketdi

Soʻnggi toʻrt yil ichida Tojikistonning Togʻli Badaxshon muxtor viloyatini (TBMV) 50 mingdan ortiq kishi tark etdi. «Memorial» inson huquqlari markazining ushbu bahosini Ozodlik radiosi Tojik xizmati keltirmoqda. Tashkilot ekspertlarining hisoblashicha, bunga nafaqat iqtisodiy qiyinchiliklar, balki 2021–2022 yillardagi norozilik namoyishlari va undan soʻng amalga oshirilgan qatagʻonlar oqibatlari ham sabab boʻlgan.

«Memorial» eksperti Olga Abramenko bu raqam savollar tugʻdirishi mumkinligini hamda Tojikiston va Rossiyadan migratsiya boʻyicha maʼlumotlar kamligini tan oldi. Shunga qaramay, u mazkur bahoni ishonchli deb hisoblaydi. Uning soʻzlariga koʻra, mustaqil tadqiqotlar 2021 yil oxiri va 2022 yilda Rossiyaga migratsiya keskin oshganini koʻrsatmoqda, bu esa oʻsishning tashqi sabablari boʻlganidan dalolat beradi.

Abramenko — Pomirning tub aholisi huquqlari buzilishi boʻyicha tadqiqot muallifi boʻlib, ushbu hisobot joriy yilda BMTning Inson huquqlari qoʻmitasiga taqdim etilgan edi. U Badaxshon aholisi ilgari ham iqtisodiy muammolar tufayli hududni tark etganini, biroq namoyishlar va qatagʻonlardan soʻng bu ommaviy tus olganini taʼkidladi. Bosimlardan qochganlar va tirikchilik uchun ketganlarni aniq ajratishning imkoni yoʻq, deya qoʻshimcha qildi u. Ekspertning fikricha, mehnat migratsiyasi mahalliy aholi uchun anchadan buyon jon saqlash va qatagʻon muhitidan qochish vositasi boʻlib xizmat qilmoqda.

Badaxshondagi noroziliklar 2021 yil oxirida xavfsizlik kuchlari amaliyoti davomida mahalliy fuqaro Gulbiddin Ziyobekov oʻldirilganidan soʻng boshlangan edi. 2022 yil bahorida odamlar yana koʻchalarga chiqdi, ammo namoyishlar kuch ishlatar tuzilmalar tomonidan bostirildi. Oʻnlab kishilar halok boʻldi va yaralandi, yuzlab odamlar panjara ortiga tashlandi. Qoʻlga olinganlar orasida fuqarolik faollari va jurnalistlar ham bor edi.

Rasmiylar aholini qoʻrquvda ushlab turgan noqonuniy qurolli guruhlar yoʻq qilinganini bildirmoqda. Huquq himoyachilari va Gʻarb davlatlari esa hukumatni haddan tashqari kuch ishlatganlikda tanqid qilmoqda. Human Rights Watch tashkiloti 2022 yil may oyida politsiya xabarlarga koʻra 40 nafargacha odamni oʻldirganini, viloyatning 205 nafar fuqarosi esa yopiq sud jarayonlarida qamoq jazosiga hukm qilinganini yozadi.

Badaxshonlik tahlilchi Xurshed Xurramovning fikricha, bu koʻchib ketishlarni rasmiylarning pomirlik hisoblanganlarga boʻlgan munosabati nuqtai nazaridan koʻrib chiqish lozim. Uning soʻzlariga koʻra, xalqaro tashkilotlar maʼlumotlari boʻyicha 300 dan ortiq pomirlik qamoqda saqlanmoqda. Pomirliklar Tojikistonning qolgan aholisidan etnik, lingvistik va diniy jihatdan farq qiladi: ular ismoiliya mazhabiga eʼtiqod qiladi va tojik tiliga oʻxshamaydigan tillarda soʻzlashadi. «Memorial» tadqiqotida qayd etilishicha, hukumat ularni «noanʼanaviy musulmonlar» sifatida koʻradi, pomirliklarning oʻzlari esa kamsitishlarga duch kelmoqda. BMT Dushanbedan nima uchun pomirliklar milliy ozchilik sifatida tan olinmasligini soʻragan edi, chunki bu ularning madaniyatini himoya qilishga yordam berardi. 2023 yilda Аdliya vaziri Muzaffar Ashuriyon rasmiylar pomirliklarni ozchilik deb hisoblamasligini, chunki ular «tub tojiklar» ekanini aytgan edi.

Bu mavzu 2026 yil 5 noyabrda Jenevada Tojikistondagi inson huquqlari boʻyicha universal davriy sharh oʻtkazilayotgan vaqtda yana koʻtarildi. BMTning Inson huquqlari boʻyicha boshqarmasi maʼlum qilishicha, ishchi guruh yakuniy tavsiyalarni 13 noyabrda qabul qilishi kerak. Braziliya vakili Dushanbeni ozchiliklar huquqlarini, ayniqsa TBMVda yaxshiroq himoya qilishga, yigʻilishlar va fikr bildirish erkinligini taʼminlashga hamda namoyishchilarga nisbatan nomutanosib kuch qoʻllash holatlarini xolisona tergov qilishga chaqirdi. Badaxshonlik muxolifatchi siyosatchi Alim Sherzamonov ham yurtdoshlari kamsitishlarga duch kelayotganiga qoʻshiladi. Ammo uning fikricha, mamlakatda millatidan qatʼi nazar, barcha fuqarolarning huquqlari buzilmoqda.