Tojikistonda TIUP sobiq faolini o‘ldirgan ikki kishi umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi

Soʻgʻd viloyati sudi. Foto: Asia-Plus

Tojikistonning Soʻgʻd viloyati sudi Isfara shahrida yashovchi ikki nafar fuqaroni mamlakatda faoliyati taqiqlangan Tojikiston islom uygʻonish partiyasi (TIUP) sobiq faoli va tadbirkor, Domullo Abdumannon nomi bilan tanilgan Mannon Sodiqovni oʻldirganlikda aybdor deb topib, umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qildi. Hukm oktyabr oyining oʻrtalaridayoq chiqarilgan boʻlsa-da, bu haqda endigina maʼlum boʻldi, deb xabar beradi vaziyatdan xabardor manbaga tayangan holda «Azattiq Aziya».

31 yoshli Ehson Boboyev va 46 yoshli Yusuf Sharifov umrbod qamoq jazosiga mahkum etildi. Nashr suhbatdoshining bildirishicha, ular qotillik hamda yana bir nechta boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Har ikki mahkum jazoni oʻta ogʻir deb hisoblab, Tojikiston Oliy sudiga kassatsiya shikoyati topshirgan.

«Ozodi» radiosi hukm tafsilotlarini bilish maqsadida Soʻgʻd viloyati sudiga bir necha bor murojaat qilgan, biroq izoh olishning imkoni boʻlmagan. Shuningdek, Oliy sud mahkumlarning shikoyatlarini ish yurituviga qabul qilgan-qilmagani va ular boʻyicha qaror chiqargan-chiqarmagani ham nomaʼlumligicha qolmoqda.

Jurnalistlar bergan maʼlumotlarga koʻra, Boboyev 2026 yilning yanvariga qadar kuch ishlatar tuzilmalarida ishlagan. Bu holatni Isfaraning ayrim aholisi ham tasdiqlagan. Respublika IIVning qotillik tergovi haqidagi rasmiy xabarida mazkur dalil tilga olinmagan edi.

60 yoshli Mannon Sodiqovning zoʻravonlik alomatlari boʻlgan jasadi may oyining boshida Isfara shahri yaqinidagi Chorbogʻ qishlogʻida, qurilishi bitmagan turar joy hududidan topilgan. Marhum 27 apreldan buyon bedarak yoʻqolgan deb hisoblanayotgan edi.

Tojikistonning «Xovar» davlat axborot agentligining IIVga asoslanib bergan maʼlumotiga koʻra, gumonlanuvchilar tadbirkorga uning oʻgʻlini qamoqdan ozod etishda koʻmaklashishni vaʼda qilishgan. Shu bahona bilan 27 aprel kuni tungi soat uchlar atrofida ular goʻyoki Dushanbega borish uchun Sodiqovni BMW avtomobiliga oʻtqazishgan.

Tergov xulosasiga koʻra, erkaklar mashina ichida tadbirkorning qoʻllarini bogʻlab, yonidagi 100 ming dollar mablagʻini tortib olishgan. Soʻngra uni qurilishi tugallanmagan uyning yertoʻlasiga olib borib, toʻqqizta pichoq zarbasi berishgan — ikkitasi chap yelkasiga, yettitasi boʻyin qismiga yetkazilgan. Olingan tan jarohatlari tufayli Sodiqov voqea joyida vafot etgan. Jinoyat izlarini yashirish maqsadida hujum qilganlar murdani bino hovlisiga koʻmib yuborishgan. IIV xabarida Boboyev va Sharifov tadbirkorning pulini qoʻlga kiritish maqsadida oldindan til biriktirib harakat qilgani qayd etilgan. Keyinchalik ularning ikkalasi ham qoʻlga olingan.

Sud majlislarida va hukm eʼlon qilinishida qatnashgan marhumning qarindoshlari tergov xolis oʻtkazilmagan deb hisoblashmoqda. Ularning taʼkidlashicha, qotillikka huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan ushlanmagan va sud javobgarligiga tortilmagan yana bir shaxs aloqador boʻlishi mumkin. Gumon qilinayotgan sherikning ismi jurnalistlarga maʼlum, ammo mustaqil manbalar orqali buni tasdiqlashning imkoni boʻlmagani bois uni oshkor qilishmayapti. Rasmiy idoralar qarindoshlarning ayblovlariga munosabat bildirmadi.

Bundan oldin «Ozodi» radiosi xabar berganidek, oʻldirilgan shaxsning oʻgʻli Abdusalom Sodiqov 2024 yili xorijda yashovchi muxolifatchi bloger va Tojikiston hukumatining eng keskin tanqidchilaridan biri Muhammadiqbol Sadriddinga pul oʻtkazganlik ayblovi bilan yetti yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Yaqinlarining aytishicha, Mannon Sodiqov 100 ming dollarni aynan oʻgʻlini ozodlikka chiqarish uchun ishlatmoqchi boʻlgan. Keyinchalik, 2026 yilning kuzida Abdusalom Sodiqov amnistiya akti bilan qamoqdan ozod qilingan.

Tojikiston islom uygʻonish partiyasi respublikadagi asosiy muxolif siyosiy kuchlardan biri sanalar edi. 2015 yilning sentyabrida Oliy sud partiyani ekstremistik va terroristik tashkilot deb topib, uning faoliyatini taqiqladi. Bu qaror hukumat partiya rahbariyatini sobiq mudofaa vaziri oʻrinbosari Abduhalim Nazarzodaning qurolli isyoniga aloqadorlikda ayblaganidan soʻng qabul qilingan.

TIUP taqiqlangach, uning oʻnlab aʼzolari hamda tarafdorlari hibsga olinib sudlandi, faollarning bir qismi esa mamlakatdan chiqib ketdi. 2016 yilda partiya raisining ikki oʻrinbosari — Muhammadali Hait va Saidumar Husayniy umrbod qamoq jazosiga mahkum etildi. Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari muxolifatning taʼqib qilinishini bir necha bor keskin qoralagan. Xususan, «Fargʻona» Human Rights Watch tashkilotining BMTga Tojikistondagi siyosiy mahbuslarni ozod qilish talabi bilan yoʻllagan murojaati haqida yozgan edi.