Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov ish beruvchilarga isteʼmol narxlari oʻsishini hisobga olgan holda ish haqini indeksatsiya qilish majburiyatini yuklaydigan Mehnat kodeksiga oʻzgartirishlarni imzoladi. 2026 yil 6 noyabrdagi 152-sonli qonun rasmiy eʼlon qilinganidan oʻn kun oʻtib kuchga kiradi, deb xabar beradi Kaktus.media.
Hujjatga muvofiq, inflyatsiya oqibatida mehnatkashlarning xarid qobiliyati pasayishini qoplash maqsadida ish beruvchilar real ish haqining oshirilishini taʼminlashlari shart.
Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlarda indeksatsiya qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Xususiy kompaniyalar va boshqa nobyudjet tuzilmalarda esa uning shartlari, hajmi hamda davriyligi jamoaviy shartnomalar, kelishuvlar yoki ichki meʼyoriy hujjatlar bilan belgilanadi.
Shu bilan birga, qonun indeksatsiyaning yagona miqdorini belgilamaydi. Uning qabul qilinishi barcha xodimlarning maoshi avtomatik tarzda inflyatsiya miqdoriga teng oshadi, degani emas.
Mazkur oʻzgartirishlar mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka 2025 yilda qabul qilingan Mehnat kodeksining yangi tahririda tushib qolgan qoidani qaytarmoqda. Qonun loyihasi mualliflari uni qayta tiklash zaruratini turmush darajasi qimmatlashib borayotgani bilan izohlaydilar. Ularning maʼlumotlariga koʻra, 2014–2024 yillarda Qirgʻizistonda isteʼmol narxlari 68,2 foizga oshgan.
Respublika Iqtisodiyot vazirligi maʼlumotlariga koʻra, joriy yilning dastlabki toʻqqiz oyida isteʼmol narxlari 8,1 foizga oʻsdi. Shu bilan birga, yanvar–avgust oylarida oʻrtacha oylik nominal ish haqi 55 079 somni (taxminan 630 dollar) tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 28,7 foizga oshdi. Inflyatsiyani hisobga olganda, real ish haqining oʻsishi 16,1 foizga yetdi.



