Japarov: Prezident saylovini barbod qilish uchun mamlakatda oʻzbeklar va qirgʻizlar oʻrtasida nizo tayyorlanmoqda

Sadir Japarov. Qirgʻiziston prezidenti matbuot xizmati fotosi

Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov «qoʻynida toshi bor» «noinsof siyosatchilar» respublika janubida qirgʻizlar va oʻzbeklar oʻrtasida millatlararo nizo chiqarish rejalarini muhokama qilayotganini bildirdi. Bunday fitnachilarning maqsadi — kelasi yilning yanvariga belgilangan prezidentlik saylovini barbod qilish uchun tartibsizliklar keltirib chiqarishdan iborat. Bunday maʼlumotlar «bir qator manbalardan» kelib tushganini davlat rahbari oʻz Facebook sahifasida yozdi.

Japarovning soʻzlariga koʻra, hozircha bu faqat gap-soʻzlar, ammo mazkur yovuz niyatlarning hayotga koʻchish ehtimoli ham yoʻq emas.

«Gap shundaki, oʻzbeklar va qirgʻizlar oʻrtasida nizo qoʻzgʻatish uchun yoʻq joydan muammo yaratish, yaʼni odamlarning tuygʻulari bilan oʻynashadigan va milliy gʻururiga tegadigan turli yolgʻon mish-mishlarni tarqatishning oʻzi kifoya», — deya fikrini tushuntirdi prezident.

U mamlakat 1990 va 2010 yillarda ham shu kabi fojialarni boshidan kechirganini eslatdi. Oʻshanda tinch aholi halok boʻlgan, ammo millatlararo toʻqnashuv tashkilotchilari hech qanday jazoga tortilmagan. Zero, davlat rahbari qayd etganidek, ular oʻzaro adovatni qoʻzgʻatib, oʻzlari esa chetda voqealarni mamnuniyat bilan kuzatib turadilar. Bundan tashqari, oʻsha voqealardan soʻng oddiy oilalarning farzandlari umrbod qamoq jazosiga mahkum etilgan.

Shu munosabat bilan Japarov aholini — qirgʻizlarni ham, oʻzbeklarni ham fitnakorona chaqiriqlarga uchmaslikka va oʻzlarini nizoga tortishlariga yoʻl qoʻymaslikka chaqirdi.

Prezident alohida tarzda oqsoqollarga murojaat qilib, 20-25 yoshdagi qaynoqqon yoshlarni millatlararo toʻqnashuvlarning oqibatlari naqadar fojiali boʻlishi mumkinligidan ogohlantirishni soʻradi.

Shu bilan birga, respublika yetakchisi bugungi Qirgʻiziston avvalgidek zaif davlat emasligini alohida qayd etdi. Agar xavfli vaziyat yuzaga kelsa, davlatning bir-ikki kun ichida tartibsizliklarga barham berishga kuchi ham, imkoniyati ham yetarli.

Japarov «noinsof siyosatchilar» ilgari boshqa buzgʻunchi gʻoyalarni tarqatganini yozdi. Uning taʼkidlashicha, xalq Xitoy mavzusi atrofidagi provokatsiyalarga uchmaganidan keyin, ikki qardosh xalq — oʻzbeklar va qirgʻizlarni boʻlib tashlash va bir-biriga qayrash rejalari paydo boʻlgan. Prezident gʻarazgoʻylar orasida Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston temir yoʻli qurilishi yakunlanishidan xavfsirayotganlar ham borligini qoʻshimcha qilib, bunday shaxslarni «uzoqni koʻra olmaydigan, tor fikrli va past niyatli odamlar» deb atadi.

U muxoliflariga ogohlantirish bilan murojaat qilib, bugun huquq-tartibot idoralari ulkan texnik imkoniyatlarga ega ekanini eslatdi: butun mamlakat boʻylab oʻn minglab videokameralar ishlamoqda. Shu sababli har qanday jinoiy reja 40 daqiqa ichida fosh etiladi, deb yozdi davlat rahbari.

«Va tegishli organlar sizlarni javobgarlikka tortayotganda, panjara ortida oʻtirib: “Men mutlaqo pokman, meni faqat siyosiy sabablarga koʻra qamoqqa olishdi, nohaq sudlashmoqda”, deb baqirmang. Kech boʻlmasdan esingizni yigʻing va qonunga xilof xatti-harakatlaringizni toʻxtating! <…> 30 yil davomida parokandalikdan chiqa olmay, oxir-oqibat botqoqqa botib qolganimizni xalq hali unutgani yoʻq. Endigina undan chiqib, dadil oldinga siljiy boshladik», — deya xulosa qildi Japarov.