Qirgʻizistonda Xitoy mollarini Yevropaga yetkazib berish uchun yuk terminali quriladi

«Manas» aeroporti. 24.kg sayti fotosi

Bishkek yaqinidagi «Manas» xalqaro aeroportida Xitoydan Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlariga tovarlarni tashish uchun maydoni 40 ming kvadrat metr boʻlgan yuk terminali qurish rejalashtirilmoqda. Bu haqda «Qirgʻiziston aeroportlari» OAJ boshqaruvi raisi Manasbek Samidinovga tayanib, «Kabar» agentligi xabar bermoqda.

Terminal qurilishini kompaniyaning oʻz mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish koʻzda tutilgan. Majmua tarkibiga xalqaro logistika operatorlari talablariga javob beradigan A va B toifasidagi bojxona omborlari kiradi.

Samidinovning soʻzlariga koʻra, loyihada xavfli yuklar, tibbiy preparatlar, tez buziladigan mahsulotlar va oʻsimliklarni saqlash uchun maxsus xonalar yaratish nazarda tutilgan. Bundan tashqari, alohida toifadagi tovarlar uchun laboratoriyalar va steril xonalarni jihozlash rejalashtirilgan.

Xitoydan mahsulotlar Qirgʻizistonga avtomobil transportida yetkazilishi kutilmoqda. Yuklar aeroport omborlariga joylashtirilgach, Yevropa va Yaqin Sharqqa keyinchalik joʻnatish, jumladan, havo transporti orqali tashish uchun partiyalarga birlashtiriladi. Bunday sxema logistika xarajatlarini qisqartirish imkonini berishi kutilmoqda.

Samidinov mazkur loyiha Xitoy hamkorlari va yirik xalqaro logistika kompaniyalarida allaqachon qiziqish uygʻotganini maʼlum qildi. «Qirgʻiziston aeroportlari» vakillari ushbu mamlakatning yirik havo bandargohlaridagi yuk terminallari ishi bilan tanishish uchun Xitoyga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda.

Qirgʻiziston loyihasining qiymati, qurilish muddatlari va kutilayotgan yuk tashish hajmlari hozircha maʼlum qilinmagan.

«Manas» aeroportida xalqaro logistika xabini yaratish gʻoyasi bir necha yildan buyon muhokama qilinmoqda. Hali 2023 yil iyunida aeroport rahbariyati elektron tijorat korxonalariga xizmat koʻrsatish uchun «Qirgʻiz pochtasi» bilan hamkorlikda bojxona omborlarini ochish rejalarini eʼlon qilgan edi. 2025 yil iyulida «Qirgʻiziston aeroportlari», «Qirgʻiz pochtasi» va «Bojxona infratuzilmasi» bojxona terminallari, omborlar va raqamli xizmatlarga ega multimodal logistika markazini tashkil etish boʻyicha memorandum imzoladi. Qirgʻiziston delegatsiyasi Xitoyning ZTO Cloud Warehouse kompaniyasi tajribasini ham oʻrgandi. Shu bilan birga, eʼlon qilingan 40 ming kvadrat metrlik terminal ilgari kelishilgan loyihaning bir qismimi yoki yoʻqmi, hozircha aniqlik kiritilmagan.

Eʼlon qilingan maʼlumotlarga koʻra, 2024 yilda Qirgʻiziston aeroportlari 32,8 ming tonna yukni qayta ishlagan boʻlib, shundan 31,4 ming tonnasi «Manas» hissasiga toʻgʻri kelgan. Shu tariqa, mamlakatning asosiy xalqaro aeroporti hisobiga yuk aviatashuvlarining qariyb 96 foizi toʻgʻri kelgan.