Bishkekda «Rosatom» ishtirokidagi yadro tibbiyoti markazi qurilishi loyihasi 2025 yildayoq tayyorlangan boʻlsa-da, hozirgacha boshlanmadi. Bu haqda Qirgʻiziston Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Milliy onkologiya va gematologiya markazi direktori Bahodir Bebezovga tayanib, «Kabar» agentligi xabar bermoqda.
Bebezovning soʻzlariga koʻra, yangi markaz loyihasi allaqachon tayyorlangan, ammo uni amalga oshirish ishlariga hali kirishilmagan. Muassasa rahbari yaqin orada qurilishni boshlash imkoni topilishiga umid bildirdi. Loyiha qiymati va ishlarning aniq muddatlari maʼlum qilinmagan.
Markazni tashkil etish masalasi bir necha yildan buyon muhokama qilinmoqda. 2025 yil sentabridayoq Qirgʻiziston sogʻliqni saqlash vaziri Erkin Checheybayev Milliy onkologiya va gematologiya markazi negizida mazkur muassasani qurish rejasini eʼlon qilgan edi. «Rosatom» loyihada ishtirok etishga tayyorligini tasdiqlab, qirgʻiz tomoniga 2022 yildan buyon texnik va uslubiy yordam koʻrsatib kelayotganini taʼkidlagandi.
Boʻlajak markazni pozitron-emission va bir fotonli emission kompyuter tomografiyasi, radionuklid terapiya uskunalari hamda shaxsiy siklotron majmuasi bilan jihozlash koʻzda tutilgan. Mazkur majmua radiofarmatsevtik preparatlarni bevosita Qirgʻizistonda ishlab chiqarish imkonini berib, xorij taʼminotiga qaramlikni kamaytiradi.
Shu bilan birga, Milliy onkologiya va gematologiya markazida yadro tibbiyoti boʻlimi allaqachon mavjud. Uning faoliyati Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) va rossiyalik mutaxassislar koʻmagida koʻp yillik tanaffusdan soʻng qayta tiklangan edi. Jumladan, boʻlimda onkologik va boshqa kasalliklarni tashxislash uchun bir fotonli emission kompyuter tomografi oʻrnatilgan.
Biroq 2026 yil 12 iyun kuni radiofarmatsevtik preparatlarni tayyorlash uchun zarur boʻlgan texnetsiy-99m generatorlari yoʻqligi sababli tekshiruvlar toʻxtab qolgan. Bu haqda sentabr oyida Kaktus.media nashriga boʻlim mudiri Gulnora Rispayeva soʻzlab bergandi.
Uning soʻzlariga koʻra, XAEA dasturi doirasida boʻlimga 32 ta generator berilgan boʻlib, ular taxminan bir yillik ishga yetgan. Xalqaro dastur yakunlanganidan soʻng preparatlar bilan taʼminlashni «Qirgʻizfarmatsiya» davlat kompaniyasi oʻz zimmasiga olishi kerak edi.
Generatorlarni yetkazib beruvchi sifatida «Rosatom» tuzilmasiga kiruvchi «Izotop» kompaniyasi ishtirok etmoqda. Biroq radioaktiv moddalarni yetkazib berish bir nechta davlat idoralari bilan kelishishni va maxsus ruxsatnomalar olishni talab qiladi.
Sentabr oyida boʻlim hali ham yangi yetkazib berishlarni kutayotgan edi. Noyabr oyiga kelib tekshiruvlar qayta tiklandimi-yoʻqmi, aniqlik kiritilmagan.
Shu bilan birga, Qirgʻizistonda yadro tibbiyoti sohasidagi mutaxassislar tanqisligi kuzatilmoqda. Rispayevaning maʼlumotlariga koʻra, butun mamlakat boʻyicha bor-yoʻgʻi olti nafar soha mutaxassisi bor. Diagnostikani kengaytirish va yangi davolash usullarini joriy etish uchun tibbiyot fiziklari, radiokimyogarlar va radiolog shifokorlarni tayyorlash zarur.
ℹ️ Rossiya tashkilotlari ishtirokidagi shu kabi loyihalar Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida ham ishlab chiqilmoqda. 2025 yil may oyida «Rosatom» Dushanbeda yiliga 2500 nafar bemorga moʻljallangan, maydoni 5000 kvadrat metr boʻlgan yadro tibbiyoti markazini barpo etishi maʼlum boʻlgan edi. Oʻsha yilning iyun oyida «Oʻzatom» agentligi va Rossiyaning Berezin nomidagi Tibbiyot instituti Oʻzbekistonda ham shunday muassasa tashkil etish boʻyicha bitim imzoladi. Uni pozitron-emission tomografiya, nur terapiyasi va radiofarmpreparatlar ishlab chiqarish qurilmalari bilan jihozlash koʻzda tutilgan.



