Bishkek shahrining Oktyabr tuman sudi mahalliy fuqaro Baqtibek Moldaliyevni materiallari Qirgʻizistonda «ekstremistik» deb tan olingan «Kloop» nashrining postini repost qilgani uchun uch yil muddatga koloniyaga hukm qildi. Bu haqda mahkumning rafiqasi Elvira Jusupovaga tayanib «Azattiq Aziya» xabar berdi.
Aniqlik kiritilishicha, Facebook ijtimoiy tarmogʻining faol foydalanuvchisi boʻlgan Moldaliyev joriy yilning may oyida hibsga olinib, Bishkek tergov izolyatoriga joylashtirilgan. Qirgʻizistonlikka nisbatan respublika Jinoyat kodeksining 278-moddasi 3-qismi («Ommaviy tartibsizliklarga chaqiriqlar») boʻyicha ish qoʻzgʻatilgan.
Keyinchalik oʻtkazilgan ekspertiza ish figurantining chiqishlarida tartibsizliklarga chaqiriqlarni aniqlamagan. Shu sababli deyarli ikki oy oʻtgach, tergov ayblovni Jinoyat kodeksining 332-moddasi 1-qismiga («Ekstremistik materiallarni tayyorlash, tarqatish») qayta malakalagan.
Huquq himoyachisi Rita Qorasartovaning maʼlumotiga koʻra, Qirgʻiziston poytaxti fuqarosining jinoiy taʼqib qilinishiga uning «Kloop», «Ayt Ayt Dese» va Temirov Live nashrlari saytlarini oʻqigani, ijtimoiy tarmoqlarda hukumatni ochiq tanqid qilgani, shuningdek, oʻz sahifalari orqali taʼqibdagi OAV materiallarini boshqalar bilan boʻlishgani sabab boʻlgan. Xususan, gap «Kloop» haqida ketmoqda. Biroq Moldaliyev aynan qaysi materialni repost qilgani va shu tufayli qamoq jazosini olganiga aniqlik kiritilmagan.
Mahkumning oʻzi aybini tan olmagan. Bundan tashqari, uning oktyabr oyida SIZOda boʻlganida yaqinlariga xat chiqargani maʼlum. Unda u korrupsiyani tanqid qilgani uchun taʼqibga uchrashini adolatsizlik deb atagan hamda Qirgʻiziston Jinoyat kodeksini inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarga moslashtirishga chaqirgan.
Oʻtgan yilning oktyabr oyida Bishkek sudi «Kloop», «Ayt Ayt Dese» va Temirov Live nashrlarining chiqishlarini hamda mazkur medialoyihalar asoschilarining faoliyatini «ekstremistik» deb topgan edi.



