O‘zbekistonda yong‘indan jabrlanganlar uchun 1,3 mlrd so‘mgacha kompensatsiya belgilandi

nova24.uz saytidan olingan surat

O‘zbekistonda sud yong‘in kelib chiqishida aybdor bo‘lgan shaxslar zimmasiga tegishli favqulodda hodisa oqibatida halok bo‘lganlar va jabrlanganlarga qo‘shimcha kompensatsiya to‘lash majburiyatini yuklashi mumkin. Yong‘in xavfsizligi qoidalari buzilganda yetkazilgan zararni qoplashning yangi tartibini nazarda tutuvchi tuzatishlar mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 noyabrda imzolagan qonun bilan tasdiqlandi. Biroq, Lex.uz portalida e’lon qilingan ushbu hujjat 2027 yil 5 fevraldan kuchga kiradi.

O‘zgartirishlarga ko‘ra, aybdorlar favqulodda hodisa oqibatida jismoniy shaxslarga yoki kompaniyalarga yetkazilgan zararni to‘liq hajmda qoplashlari shart. Ammo, agar yong‘in oqibatida insonlar jabrlangan bo‘lsa, sud alohida kompensatsiyalar belgilashga haqli.

Inson halok bo‘lgan taqdirda to‘lov miqdori bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 3000 baravarigacha — 1,32 mlrd so‘mni (110,5 ming dollar) tashkil etishi mumkin. Jabrlanuvchiga I guruh nogironligi belgilangan taqdirda 1500 BHMgacha — 660 mln so‘m (55,2 ming dollar), sog‘lig‘iga boshqa turdagi shikast yetkazilganda esa — 600 BHMgacha yoki 264 mln so‘m (22,1 ming dollar) miqdorida kompensatsiya to‘lanadi.

Mazkur kompensatsiyalar qo‘shimcha hisoblanadi, ya’ni ular aybdorning yong‘in oqibatida yetkazilgan haqiqiy zararni qoplash bo‘yicha majburiyatini bekor qilmaydi. Shu bilan birga, qonunda ustuvorlik belgilangan: to‘lovlar birinchi navbatda jabrlanganlar va fojia qurbonlariga amalga oshiriladi, faqat shundan so‘nggina jarimalar va davlat foydasiga boshqa undiruvlar qoplanadi.

Hujjatda, shuningdek, bozorlar, savdo majmualari va savdo-ko‘ngilochar markazlari egalari o‘z obyektlarini hamda uchinchi shaxslarning hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazganlik uchun fuqarolik javobgarligini yong‘indan sug‘urta qilishlari shart ekani qayd etilgan.

Mazkur talablarni bajarmaganlik uchun mansabdor shaxslarga BHMning 50 dan 75 baravarigacha — 22 milliondan (1,8 ming dollar) 33 million so‘mgacha (2,7 ming dollar) jarima solinadi. Huquqbuzarlik takroran sodir etilganda jarima miqdori BHMning 100 baravarigacha — 44 million so‘mgacha (3,7 ming dollar) oshishi mumkin.

Boshqa hollarda yong‘indan sug‘urta qilish ixtiyoriy bo‘lib qoladi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda mustaqil yong‘in auditi instituti joriy etilmoqda. Korxona bilan tuzilgan shartnoma asosidagi tekshiruvni respublika Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazilgan tashkilotlar o‘tkazishi mumkin. Agar obyekt talablarga javob bersa, davlat nazorat organlari uni bir yil davomida tekshirmaydi. Fuqarolarning murojaatlari yoki OAVdagi xabarlar asosida amalga oshiriladigan monitoring jarayonlari bundan mustasno.

Qonunda audit o‘tkazish vaqtida yong‘in xavfsizligi talablari buzilganligi uchun jarimalar belgilangan. Jumladan, jismoniy shaxslarga BHMning 15 baravarigacha — 6,6 million so‘m (552 dollar), mansabdor shaxslarga esa 30 baravarigacha yoki 13,2 million so‘m (1,1 ming dollar) miqdorida jarima solinishi mumkin.

Tekshiruvlarning davriyligini aniqlash maqsadida obyektlar yong‘in xavfi toifasiga ko‘ra to‘rtta guruhga ajratilgan. Birinchi guruh uchun audit yiliga ko‘pi bilan bir marta, ikkinchi guruh uchun ikki yilda bir marta, uchinchi guruh uchun uch yilda bir marta, to‘rtinchi guruh uchun esa xavfsizlik qoidalari buzilgani to‘g‘risida xabarlar kelib tushganda yoki zarurat tug‘ilganda o‘tkazilishi mumkin.

Ta’kidlanishicha, qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda obyektning faoliyati to‘xtatib turilishi mumkin.