Qozogʻistonda milliy kambag‘allik chegarasidan past darajada yashayotgan aholi ulushi 2006 yildagi 18,2 foizdan 2025 yilda 4,9 foizgacha qisqardi. Shu tariqa, soʻnggi yigirma yil ichida respublikada mazkur koʻrsatkich deyarli toʻrt barobar kamaydi, deyiladi Jahon bankining (JB) oktyabr oyidagi hisobotida.
Ekspertlar vaziyatning yaxshilanishiga aholi mehnat daromadlarining oʻsishini asosiy sabab sifatida keltirdi. Kambag‘allikning qisqarishi mamlakatning barcha hududlarida kuzatildi. Koʻrsatilgan davrda daromadi milliy kambag‘allik chegarasidan yuqori boʻlgan qozogʻistonliklar ulushi 81,8 foizdan 95,1 foizgacha oshdi.
Jahon bankining xarid qobiliyati pariteti boʻyicha kuniga 8,30 dollardan kam daromadni hisobga oluvchi xalqaro metodikasiga koʻra, kambag‘allik darajasi 2006 yildagi 55,7 foizdan 2024 yilda 13,8 foizgacha tushgan. Ushbu koʻrsatkich xalqaro taqqoslashlar uchun qoʻllaniladi va milliy qashshoqlik mezonidan farq qiladi.
Oʻtgan yillar davomida Qozogʻistonda daromadlar tengsizligi ham bir oz kamaydi. Daromadlar taqsimotining nomutanosibligini ifodalovchi Jini indeksi 2024 yilda 30,2 balldan 29 ballgacha pasaygan. Indeks qiymati qanchalik past boʻlsa, aholi daromadlari shunchalik teng taqsimlanadi.
Shu bilan birga, hamon bir milliondan ortiq qozogʻistonlik kambag‘allik chegarasida yashamoqda. Bundan tashqari, 2026 yilda milliy statistika koʻrsatkichlarning bir oz yomonlashganini qayd etfdi: birinchi chorakda daromadi yashash minimumidan past boʻlgan aholi ulushi 4,9 foizni, ikkinchi chorakda esa 5 foizni tashkil etgan.
Xarid qobiliyati muammosi ham saqlanib qolmoqda. 2025 yil yakunlariga koʻra, iqtisodiy oʻsishga qaramay, aholining real pul daromadlari 1,1 foizga qisqargan. 2026 yilning ikkinchi choragida aholi jon boshiga oʻrtacha nominal pul daromadlari oyiga 263,7 ming tengeni (588 dollar) tashkil etdi. Yil davomida ular 11,2 foizga oshgan boʻlsa-da, inflyatsiyani hisobga olganda real oʻsish atigi 0,7 foiz boʻldi.
Bunda qozogʻistonliklarning oʻz farovonligiga berayotgan bahosi bir xil emas. Milliy statistika byurosi tomonidan joriy yilning mart oyida oʻtkazilgan aholi hayot sifati tadqiqotiga koʻra, respondentlarning 44,9 foizi oʻz hayotidan toʻliq, yana 54,4 foizi esa qisman mamnun. Soʻrovnoma 12 mingta uy xoʻjaligini qamrab oldi. Hayotidan toʻliq mamnun boʻlganlar ulushi 2023 yilga nisbatan (oʻshanda 41,8 foiz boʻlgan) oshgan, ammo 2021 yilgi 61,3 foizlik koʻrsatkichdan hamon sezilarli darajada past.
Jahon banki Qozogʻistonda kambag‘allik yanada qisqarishini prognoz qilmoqda. 2028 yilga kelib, xarid qobiliyati pariteti boʻyicha kuniga 8,30 dollardan kam daromadga ega aholi ulushi 7,9 foizgacha kamayishi mumkin. Shu bilan birga, yuqori inflyatsiya va real daromadlarning sust oʻsishi aholi farovonligini oshirishda xavf omillari boʻlib qolmoqda.



