Mirziyoyev TDTga a’zo mamlakatlar fuqarolarining o‘zaro safarlarini osonlashtirishni taklif qildi

Shavkat Mirziyoyev. O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati fotosurati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Turkiy turistik alyans» tashkil etishni, shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT)ga a’zo mamlakatlar fuqarolarining o‘zaro safarlarini soddalashtirish, jumladan, ID-kartalar orqali sayohat qilish imkoniyatini nazarda tutuvchi bitim ishlab chiqishni taklif qildi. Respublika rahbari bunday tashabbus bilan TDTning Anqarada bo‘lib o‘tgan 13-sammitida chiqish qildi, deb xabar beradi uning matbuot xizmati.

O‘zbekiston rahbari turkiy davlatlar bilan hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan yana bir qator g‘oyalarni ilgari surdi. Jumladan, u uchinchi mamlakatlar bilan hamkorlik qilish uchun «TDT+» formati joriy etishni taklif qildi. Mirziyoyevning fikricha, ko‘p tomonlama munosabatlarni sohaviy vazirlar darajasidagi uchrashuvdan boshlash mumkin. Prezident ta’kidlashicha, bu muloqotlar savdo, transport, investitsiyalar va boshqa sohalarda aniq qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan bo‘lishi kerak.

Bundan tashqari, O‘zbekiston rahbari hamkasblarini yuzta strategik investitsiya va sanoat loyihasini, jumladan, noyob minerallarni qayta ishlash hamda «yashil» energetika uchun uskunalar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni qamrab oluvchi «Turkiy dunyo — 100» dasturini qabul qilishga chaqirdi. Bu maqsadlarga erishish uchun Turkiy investitsiya jamg‘armasi va xalqaro moliya institutlari resurslarini jalb etish zarur.

Tadbirkorlarni himoya qilish maqsadida «Tijorat ishlari bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risida» ko‘p tomonlama shartnoma tayyorlash taklif etildi. Shuningdek, huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha so‘rovlar va boshqa hujjatlarni almashishga mo‘ljallangan raqamli platformani ishga tushirish zarurligi ta’kidlandi.

Global ta’minot zanjirlari o‘zgarayotgan sharoitda geografik joylashuv va tranzit imkoniyatlari tobora muhim ahamiyat kasb etayotgani sababli logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish lozim. O‘zbekiston prezidenti O‘rta koridorni yagona iqtisodiy tizimga aylantirish, shuningdek, loyihani birgalikda boshqarish asosida «Turkiy davlatlar logistika komplekslari tarmog‘i»ni tashkil etishni taklif qildi.

Mirziyoyev o‘z nutqida «Yangi O‘zbekiston» stipendiyalari dasturi doirasida TDT mamlakatlari vakillariga xorijiy talabalar uchun har yili ta’lim grantlari ajratishga tayyorligini bildirdi.

« Ishonchim komilki, bugungi Anqara sammiti olijanob maqsadimiz, birdamlik g‘oyamiz va ulug‘vor rejalarimizga erishish yo‘lida muhim qadam bo‘ladi. Zero, barchamizning orzu-istaklarimiz va intilishlarimiz mushtarak. Biz bir bo‘lsak, yanada qudratlimiz. Hamjihat bo‘lsak, yanada yuksak marralarga albatta erishamiz», — dedi Mirziyoyev.

Turkiy davlatlar tashkiloti turkiy mamlakatlarning har tomonlama hamkorligi va kooperatsiyasini rivojlantirish maqsadida birlashgan bir qator davlatlarni o‘z ichiga oladi. TDT tarkibiga Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va O‘zbekiston kiradi. Vengriya, Turkmaniston va Shimoliy Kipr esa kuzatuvchi maqomiga ega.

Anqaradagi tashkilot sammiti «Turkiy asr: tilda, fikrda va ishda birlik» shiori ostida o‘tdi. Unda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov hamda TDT bosh kotibi Qubanichbek Omuraliyev ishtirok etdi.

Sammit davomida tashkilotning yangi bosh kotibi lavozimiga O‘zbekiston vakili Mirvohid Azimov nomzodini qo‘llab-quvvatlashga qaror qilindi.

Tadbir yakunlari bo‘yicha Anqara deklaratsiyasi hamda TDT mamlakatlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan bir qator boshqa hujjatlar qabul qilindi.