Yashil iqlim jamg‘armasi O‘zbekistonga o‘rmonlar va yaylovlarni tiklash uchun 103,7 million yevro ajratdi

Yashil iqlim jamg‘armasi (Green Climate Fund, GCF) kengashi umumiy qiymati 264,4 million yevro bo‘lgan «Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishiga chidamli landshaftlar» (CLiCA) mintaqaviy dasturini ma’qulladi. Ushbu dastur doirasida O‘zbekistonga 103,7 million yevro ajratiladi. Bu haqda O‘zbekiston Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar berdi.

Dastur Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tomonidan O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan hamkorlikda tayyorlangan. O‘zbekiston tomonidan dasturni ishlab chiqish jarayonini Ekologiya qo‘mitasi huzuridagi Iqlim o‘zgarishi milliy markazi muvofiqlashtirgan.

O‘zbekistonga ajratilgan mablag‘lar o‘rmonlar va yaylovlarni tiklash, shuningdek, qishloq xo‘jaligida iqlim o‘zgarishiga chidamli texnologiyalarni joriy etish hamda fermerlarning moslashuv uchun moliyaviy vositalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga yo‘naltiriladi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, dastur O‘zbekistonning 342 ming nafar aholisini qamrab oladi. 164 ming gektar o‘rmon, yaylov va qishloq xo‘jaligi yerlarida iqlim o‘zgarishiga chidamli boshqaruv usullari joriy etiladi. Shuningdek, issiqxona gazlari tashlamalarini qisqartirish va ularning 1,07 million tonna CO₂ ekvivalenti miqdorida yutilishini ta’minlash rejalashtirilgan.

« Ushbu dasturning ma’qullanishi yanada barqaror hamjamiyatlar va landshaftlarni shakllantirish yo‘lidagi muhim qadamdir. Qirg‘iziston Respublikasi, Tojikiston va O‘zbekistondagi hamkorlarimiz bilan birgalikda umumiy maqsadimizni Markaziy Osiyo aholisi va tabiati uchun uzoq muddatli natijaga aylantirishni ko‘zlayapmiz», — deya ta’kidlaydi GIZ vakillari.

O‘zbekiston uchun ushbu dastur iqlim sohasidagi ustuvor vazifalarni amalga oshirishning qo‘shimcha vositasiga aylanadi. Ular qatoriga degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish kiradi.

  • O‘nlab qozog‘istonliklar Rossiyaga ishlash uchun ketishgan, ammo u yerda urushga jalb etilgan

  • O‘zbekiston maktab islohotini xorijiy tajribalar asosida qanday shakllantirayotgani haqida

  • Qozog‘iston sun’iy intellekt poygasida AQSH va Xitoy o‘rtasida qanday muvozanat saqlamoqda

  • Mashhur san’atkorning Japarov oldida o‘zini qanday tutgani Qirg‘izistonda hokimiyatga sig‘inish va siyosiy o‘zgarishlar haqidagi bahslarga sabab bo‘ldi