Prokuratura jurnalist Luqpan Axmedyarovning Qozog‘istondan chetga chiqishini taqiqlovchi hukmni noqonuniy deb topdi

t.me/adil_soz fotosurati

Ostona prokuraturasi Qozog‘iston politsiyasi departamenti tergov boshqarmasi tomonidan jurnalist Luqpan Axmedyarovga nisbatan mamlakatdan chiqib ketishga qo‘yilgan taqiqni noqonuniy deb topdi. Bu haqda so‘z erkinligini himoya qilish xalqaro «Әdіl sөz» jamg‘armasi xabar berdi.

Avgust oyi boshida Qozog‘iston poytaxti aeroportida jurnalistni mamlakatdan chiqarishmagan. U oilasi bilan Chernogoriyaga dam olishga ketayotgan bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, chegarachilar mamlakatdan chiqishga taqiqni Ostona politsiyasi o‘rnatganini ma’lum qilishgan. Bir necha kundan keyin Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 274-moddasi — «Qasddan yolg‘on axborot tarqatish» bo‘yicha jinoiy ish ochilgani ma’lum bo‘lgandi. Unda Axmedyarovning familiyasi ham tilga olingan.

Advokat Asel To‘qayevaning so‘zlariga ko‘ra, prokuratura cheklovni bekor qilish zarurligini ko‘rsatgan va jinoiy ishning bir necha bor to‘xtatilgani holatini tekshirishga va’da bergan.

Axmedyarovning o‘zi Vlast.kz nashriga ma’lum qilishicha, u mazkur ishda himoyalanish huquqiga ega guvoh hisoblanadi. Uning ishtirokida hech qanday protsessual harakatlar o‘tkazilmagan. Jurnalist jabrlanuvchi kim ekanini ham bilmasligini aytgan.

Avvalroq ommaviy axborot vositalarida tergovga Ust-Kamenogorsk shahrida yashovchi Andrey Kotovning arizasi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi. 2024 yil aprel oyida Luqpan Axmedyarov o‘z loyihasida Ukraina davlatining «Xochu jit» («Yashashni xohlayman») loyihasi Rossiya tomonida qurolli mojaroda ishtirok etayotgan deb ko‘rsatgan Qozog‘iston fuqarolari ro‘yxatini e’lon qilgan. Andrey Kotov ushbu ro‘yxatdan o‘z ma’lumotlarini topgan.

U hech qachon janglarda ishtirok etmaganini, Rossiyada esa vaxta usulida ishlaganini aytan. Kotov mazkur ma’lumotning e’lon qilinishi uning obro‘siga putur yetkazgan deb hisoblab, Axmedyarovni javobgarlikka tortishni talab qilgan. Qozog‘istonning yana bir fuqarosi Ruslan Muxametov ham ijtimoiy tarmoqlarda shunga o‘xshash ariza bilan chiqqan. Bu haqda «Azattiq» radiosi xabar bergan.

Luqpan Axmedyarov — so‘nggi yillarda bir necha bor bosim va ta’qiblarga duch kelgan taniqli mustaqil jurnalist. U 2022 yildan beri YouTubeda «Prosto jurnalistika» kanalini yuritib keladi. Bu vaqt davomida kanal bir necha marta bloklangan.