Akto‘be ferroqotishmalar zavodining o‘nlab ishchilari ish haqini oshirish talabini qo‘yib, norozilik namoyishiga chiqdi, deb xabar beradi Hola News.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, ishlab chiqarish rejalari ortib bormoqda, ammo ish haqi yillar davomida o‘zgarishsiz qolmoqda. Ishchilarning aksariyati oyiga 380–400 ming tenge (843–887 dollar), erituvchilar esa 500–600 ming tenge (1–1,3 ming dollar) maosh oladi. Ayrim xodimlar hatto daromadlari kamayganidan shikoyat qiladi.
«Uch yildan beri maosh bir xil. Oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlashdi. Bolalarimiz endi to‘yib ovqatlana olmayapti. Shuning uchun hammamiz bu yerda turibmiz», — dedi ishchilardan biri.
Metallurglar, shuningdek, ta’tilga chiqishdagi qiyinchiliklardan shikoyat qilib, rahbariyatdan o‘z savollariga javob berishni talab qilishdi.
Ulysmedia.kz xabariga ko‘ra, viloyat mehnat inspeksiyasi vakili Aqilbek Zeynollauli norozilik namoyishi ishtirokchilari oldiga chiqqan. U har bir sexdan ikki-uch nafardan vakil tanlashni va ishchilarning shikoyatlarini to‘plab, vaziyatni o‘rganishga yordam beradigan ishchi guruh tuzishni taklif qilgan. Biroq, metallurglar bu taklifni rad etishgan. Ular ish haqini oshirish bo‘yicha qarorni butun jamoa oldida eshitishni istashlarini ta’kidlashgan.
Keyinroq yig‘ilganlar oldiga «Qazxrom» TMK bosh direktori Yerjan Abdulabekov chiqqan.
«Agar shu tarzda yig‘ilishda davom etsak, maosh oshmaydi. Bu yerda o‘tirishimiz bilan maosh ko‘tariladimi? Hozir bir qator ishchilarda savollar paydo bo‘ldi. Biz ularni bayonnomaga kirityapmiz va ishni davom ettiramiz», — degan u.
Abdulabekov ishchilarni o‘z vazifalariga qaytishga chaqirib, ish haqi masalasini shu yerning o‘zida hal qilib bo‘lmasligini ta’kidlagan. Korxonaning 40 foizi davlatga tegishli bo‘lgani sababli, maoshni oshirish uchun kelishuv talab etiladi.
«Qazxrom» direktori korxona xarajatlari ham oshib borayotganini qo‘shimcha qilgan.
«Siz narxlar oshganini aytyapsiz. Biz ham buni his qilyapmiz. Koks va elektr energiyasi qimmatlashmoqda, tannarx oshyapti. Ammo, afsuski, mahsulotni sotish narxlari ko‘tarilmayapti», — deb tushuntirgan u.
Abdulabekov Yangi yildan keyin ish haqi oshirilishini va’da qilgaye, biroq maosh qanchaga ko‘tarilishini aniq ayta olmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, oshirish miqdori yil yakunida, korxona faoliyati natijalari sarhisob qilinganidan keyin ma’lum bo‘ladi.
«Qazxrom» Eurasian Resources Group (ERG) tarkibiga kiradi. 2026 yil may oyida tadbirkor Shahmurat Mutalip Patox Shodiyev va Aleksandr Mashkevichning merosxo‘rlaridan guruh aksiyalarining 39,3 foizini sotib olgan. Financial Times ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu aksiyalar paketining qiymati 1,4 milliard dollarga baholangan.
Avgust oyida davlat o‘ziga tegishli ERG aksiyalarining 40 foizini «Samruq-Qazina» fondiga o‘tkazgan. Ulysmedia.kz avvalroq xabar berganidek, ushbu paket 697,7 milliard tengega (1,5 milliard dollar) baholangan. Davlat pul to‘lovi o‘rniga fondning 31 ta yangi aksiyasini olgan.
Aksiyadorlar almashganidan keyin ham ERGning Qozog‘istondagi aktivlari, jumladan, «Qazxrom» «Yevraziyskaya Gruppa» mas’uliyati cheklangan jamiyati boshqaruvi ostida faoliyat yuritishda davom etgan. 30 maydan buyon kompaniyaga Qudrat Shamiyev rahbarlik qiladi.



