Qozog‘iston Qurolli Kuchlarida islohot: muddatli harbiy xizmat ikki bosqichga bo‘linadi va Uchuvchisiz tizimlar kuchlari tashkil etiladi

akorda.kz sayti fotosurati

Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi muddatli harbiy xizmat tartibini o‘zgartirish, Uchuvchisiz tizimlar kuchlarini tashkil etish, armiya tuzilmasini qayta ko‘rib chiqish va harbiy xizmatchilarni himoya qilishning yangi mexanizmlarini joriy etishni nazarda tutuvchi harbiy islohot rejasini ma’qulladi. Bu haqda Oqo‘rda xabar berdi.

Xavfsizlik kengashining majlisi 21 oktyabr kuni prezident Qosim-Jomart To‘qayev raisligida bo‘lib o‘tdi. Islohotning asosiy qoidalarini Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari Aida Balayeva taqdim etdi, Qurolli Kuchlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha esa Mudofaa vaziri Aydos Mirzahmetov hisobot berdi.

Asosiy o‘zgarishlardan biri muddatli harbiy xizmatning ikki bosqichli modeliga o‘tish bo‘ladi. Dastlabki olti oy davomida chaqiriluvchilar maxsus o‘quv markazlarida tayyorgarlikdan o‘tadi. Keyingi olti oyda esa harbiy qismlarda xizmat qiladi. Bu bosqichda asosiy e’tibor jangovar tayyorgarlikka va bo‘linmalar tarkibida vazifalarni bajarishga qaratiladi.

Islohot, shuningdek, Qurolli Kuchlar tuzilmasi va tarkibini qayta ko‘rib chiqish, boshqaruv tizimi hamda mudofaa rejalashtirishini takomillashtirishni nazarda tutadi. Armiyada Uchuvchisiz tizimlar kuchlari tashkil etiladi, zamonaviy jang olib borish usullarini hisobga olgan holda boshqa tarkibiy qismlar ham kuchaytiriladi.

O‘zgarishlarning alohida yo‘nalishi harbiy xizmatchilar xavfsizligi va huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq. Jumladan, harbiy maslahatchilar instituti va harbiy xizmatchilar huquqlari bo‘yicha vakil lavozimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, harbiy nizomlarga zid munosabatlarning oldini olish, intizomni mustahkamlash va qo‘mondonlik tarkibini tayyorlashga yondashuvlarni o‘zgartirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘riladi.

To‘qayev armiyadagi o‘zgarishlar alohida chora-tadbirlar bilan cheklanmasligini, balki keng qamrovli qayta qurishni nazarda tutishini ta’kidladi.

«Qurolli Kuchlar sifatini o‘zgartirish vazifasi qo‘yildi. Bu boshqaruv, harbiy xizmatchilarni tayyorlash, kadrlar siyosati, harbiy ta’lim, mudofaani rejalashtirish va texnologik jihozlanishga taalluqli. Xizmat xavfsizligi, qo‘mondonlik madaniyati va davlat resurslaridan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratish lozim. Armiyaning jamiyat bilan o‘zaro hamkorligini ham o‘zgartirish kerak. Gap kompleks islohot haqida bormoqda. Bu borada yarim choralar kutilgan natijani bermaydi», — dedi prezident.

Asosiy o‘zgarishlarni 2027 yilda amalga oshirish rejalashtirilgan. Ayni paytda islohotning qiymati va muddatli harbiy xizmatning yangi modeliga o‘tishning aniq muddatlari hozircha ma’lum qilinmagan.

Bu qaror Kaspiy dengizidagi harbiy mashg‘ulotlar vaqtida 14 nafar harbiy xizmatchining halok bo‘lganidan so‘ng bir oy o‘tmasdan qabul qilindi. Prezident fojiaga «tarkibiga generallar ham kiruvchi ofitserlarning o‘z mohiyatiga ko‘ra jinoiy tusdagi professional emasligi» sabab bo‘lganini aytdi va Qozog‘iston armiyasi «o‘tgan asrda qotib qolgani»ni ta’kidladi. To‘qayev Mudofaa vazirini almashtirdi va islohot rejasini o‘n kun ichida tayyorlashni topshirdi.